AsosiyJamiyat

Bo`stonliqda Markaziy Osiyolik qizlar uchun mintaqaviy o`quv lageri o`tkazilmoqda

'Bo`stonliqda Markaziy Osiyolik qizlar uchun mintaqaviy o`quv lageri o`tkazilmoqda'ning rasmi

10-12 noyabr kunlari Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollari muloqoti shafeligida Markaziy Osiyoda qizlar uchun etakchilik, murabbiylik va gender tengligi bo`yicha mintaqaviy o`quv lageri o`tkazilmoqda. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

 Tadbir Oliy Majlisi Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan BMT Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi va «BMT-Ayollar» tashkiloti ko`magida tashkil etildi.

Tadbirda Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekistondan 30 nafardan ortiq qizlar ishtirok etmoqda. O`quv lageri Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan qizlar va istiqbolli kadrlar salohiyatini oshirish, ularda davlat va jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etish uchun etakchilik fazilatlarini rivojlantirishga qaratilgan. O`quv mashg`ulotlarining o`tkazilishi mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, qizlarning kasbiy mahorati va etakchilik qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Senat Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbaeva va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska tadbirni qutlov so`zlari bilan ochib berdilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollari muloqoti Raisi T.Narbaeva o`z nutqida yosh avlodni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqa davlatlari qizlari o`rtasida mintaqaviy va ikki tomonlama format miqyosida aloqalarni o`rnatish va rivojlantirishga ko`maklashish O`zbekiston tomonining Muloqotda raisligi doirasida ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida hisoblanishini ta`kidladi. “Biz sizlarga ishonamiz va mintaqadagi barqaror rivojlanish jarayonlariga hissangizni qo`shish, siyosat, iqtisodiyot, ta`lim, fan sohalarida o`z salohiyatingizni ro`yobga chiqarishga ko`maklashamiz, dolzarb ekologik muammolar echimini topish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va sheriklik rishtalarini mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlaringiz va intilishlaringizni qo`llab-quvvatlaymiz”, – dedi T.Narbaeva.

BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska tadbir ochilishida so`zga chiqib, bo`lajak etakchi ayollarni tayyorlash, ularning etakchilik mahoratini oshirish, jahon bilimlari va amaliyotidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini ta`kidladi. Bu esa o`z navbatida Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, ilmiy va ishbilarmonlik hayotida xotin-qizlar rolini oshirishga xizmat qiladi. “Mintaqa mamlakatlari iqlim o`zgarishidan tortib, iqtisodiyot va jamiyatni tiklashgacha bo`lgan barcha sohalardagi hayotiy muammolarni engish uchun ayollar etakchiligi, xotin-qizlarning ko`nikma va iste`dodiga muhtojdirlar”, – dedi M.Dimovska.

O`quv lagerida Markaziy Osiyo mamlakatlari jamiyat va davlat hayotida ayollar rolining rivoji muhokama qilindi, gender tengligini ta`minlashga qaratilgan xalqaro normalar, shuningdek, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibining dolzarbligi haqida ma`lumotlar tinglandi.

Ishtirokchilarga gender tengligi, qizlar etakchiligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ayollar va qizlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, tadbirkorlik asoslari va qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish kabi mavzularda treninglar o`tkazildi.

Tadbir yakunlari bo`yicha mintaqaviy o`quv lageri ishtirokchilarining Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollari muloqoti a`zolariga Murojaatnomasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjatga Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan qizlarni qo`llab-quvvatlash, xususan, kasbiy mahorat va etakchilik fazilatlarini rivojlantirish, ularning turli sohalarda imkoniyatlarini kengaytirish bo`yicha takliflar kiritiladi.

 

    Boshqa yangiliklar