Bugun, 9 aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron tavalludi kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo`lib o`tdi.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, senatorlar, deputatlar, hukumat a`zolari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari Amir Temur haykali poyiga gullar qo`ydi.
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Amir Temur va Temuriylar davridagi ilm-fan va madaniyat rivojining jahon tamaddunidagi o`rni” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo`lib o`tdi. Tadbirda Temuriylar tarixiga oid eng yaxshi tasviriy va publisistik asarlar tanlovi g`oliblari taqdirlandi.
Temuriylarga oid durdonalar, nodir qo`lyozmalar, istiqlol yillarida Amir Temur va temuriylar tarixi haqidagi kitoblar ko`rgazmasi tashkil etildi.
Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlarda davom etmoqda.





