Toshkent metropoliteniga «O`zbekiston temir yo`llari» qarori bilan yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, «O`zbekiston temir yo`llari» AJ yagona aksiyadori qarori bilan Usmonov Rahmon Jahongirovich «O`zbekiston temir yo`llari» AJ boshqaruv raisi o`rinbosari — «Toshkent metropoliteni» UK boshlig`i etib tayinlandi.
Ma`lumot uchun, Rahmon Usmonov 1960 yil 24 aprelda Toshkentda tug`ilgan. Toshkent avtomobil-yo`llar institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1982 yilda Toshkent shahar 1-Avtokorxonasi uchastka ustasi sifatida boshlab, avtosaf boshlig`i, katta muhandis, direktor o`rinbosari lavozimlarida ham ishlagan.
Shuningdek, turli yillarda «Toshshaharyo`lovchiavtotrans» ishlab chiqarish birlashmasi boshlig`i, «Toshshaharyo`lovchitrans» uyushmasi boshqaruvi raisining o`rinbosari, Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani hokimining birinchi o`rinbosari, Yakkasaroy tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunal xo`jalik, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari, «Paxtakor» futbol klubi prezidenti, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchisi vazifalarida faoliyat yuritgan. 2012–2018 yillarda esa Toshkent shahar hokimi vazifasida ishlagan. Shundan so`ng Avtomobil transporti agentligi rahbari birinchi o`rinbosari, 2018 yil 3 oktyabrdan Yunusobod tumani hokimi bo`lgan.