Xalqimizda ajoyib naql bor: Erni er qiladigan ham xotin, qaro er qiladigan ham xotin. Darhaqiqat, rafiqasi sevib-ardoqlaydigan, qo`llab-quvvatlaydigan erkaklar albatta muvaffaqiyat qozonadi. Irlandiyalik sportchi Konor Entoni Makgregor o`zining muvaffaqiyat sari mashaqqatli yo`li va bunda rafiqasi Di Devlinning o`rni haqida so`zlab berdi.

“Birga yashayotganimizga sakkiz yil bo`ldi. Biz Irlandiyada, Dublin shahridan 30 kilometr uzoqlikdagi uyda ijarada yashardik. Men ishsiz edim, chunki vaqtimning asosiy qismini sport zalida o`tkazardim. Shuning uchun ham biz ishsizlik nafaqasi hisobiga hayot kechirar edik.

“Men qachonlardir, albatta chempion bo`lishimga ishonardim. Rafiqam ham bunga hech ham shubha qilmasdi, u meni doim qo`llab-quvvatlardi. Doimiy etishmovchiliklarga qaramay, Devlin mening to`g`ri ovqatlanishimni nazorat qilar, kun tartibiga rioya qilishim uchun harakat qilar edi. Har kuni kechki payt mashg`ulotlardan horib-charchab kelganimda, men undan “Konor, bilaman, sen albatta buni uddalaysan!” degan gapni eshitardim.

“Hozir men millionlab dollar daromad topaman. Mening ishtirokimdagi janglarni 50-70 ming tomoshabin tomosha qiladi. Endilikda o`zimga istalgan avtomobil, uy yoki kiyim-kechak sotib olishim mumkin. Rafiqam esa buning hammasiga, hattoki bundan ham ko`prog`iga munosib. U hozir ham mening yonimda va har doim men hamma ishning uddasidan chiqa olishimni takrorlaydi”





