Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig`i Erkin Avezovning sohaga doir matbuot anjumanida ma`lum qilishicha, hisobot davrida respublika bo`yicha jami 990 mingdan ortiq ish o`rinlari tashkil etilib, dastur 100,3 foizga bajarilgan.
Bunda, maqsadli dasturlarga muvofiq 262 mingta, jumladan sanoatda - 116 mingta, xizmat ko`rsatish va servisda - 67 mingta, qishloq xo`jaligida - 49 mingta ish joylari tashkil etildi.
- Kichik korxona va mikrofirmalar, yakka tadbirkorlik, uy mehnati, dehqon va fermer xo`jaliklarida jami 728 mingdan ziyod kishining bandligi ta`minlandi, bu yaratilgan ish o`rinlarining 74 foiziga teng bo`ldi, - deydi boshqarma boshlig`i Erkin Avezov. - Joriy yilning o`tgan davrida 1208 dan ortiq bo`sh ish o`rinlari yarmarkalari o`tkazildi va ularda 53 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar ishtirok etib, 62 ming kishiga ishga joylashish bo`yicha yo`llanmalar berildi.
Shuningdek, hududiy mehnat organlarining inspektorlari mahallalarda yurib, ishsiz bo`lgan va ish qidirayotgan 284 mingga yaqin fuqarolarni ishga joylashishiga ko`maklashildi, ulardan 90 ming nafari ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholini tashkil etadi.





