O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiylarni tabrikladi.
Hurmatli askar va serjantlar, ofiser va generallar!
Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug` ayyom tom ma`nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo`lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Ta`kidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda etuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag`rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.
Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma`naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo`lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi.
Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o`zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini erda ham, ko`kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o`g`lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qo`rqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofiserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o`rtoqlari bilan baham ko`rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.
Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga tog`dek tayanch bo`lib turgan buyuk ma`naviy kuchni ko`ramiz. Bugungi ulug` ayyomda sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan e`tirof etamiz.
Qadrli do`stlar!
Biz bundan to`rt yil oldin O`zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo`yicha eng muhim va ustuvor yo`nalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko`lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
O`tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko`rib chiqildi, qo`shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog` va texnika vositalari bilan ta`minlash bo`yicha o`ta muhim loyihalar amalga oshirildi.
Tariximizda birinchi marta o`z mohiyatiga ko`ra noyob tizim – harbiy-ma`muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug` g`oyani amalda ta`minlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday sa`y-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda O`zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo`lmoqda.
Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.
Albatta, o`tgan 2020 yil jahondagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz uchun ham jiddiy sinovlar yili bo`ldi. Biz koronavirus pandemiyasining tahdidiga, shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarga duch keldik.
Ana shunday g`oyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Amir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon bo`lmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu da`vatini o`ziga shior qilib oldi.
Ular xalqimizga yanada yaqin bo`lib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda o`z oldiga qo`yilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.
Ayniqsa, bu jarayonda harbiy shifokor va xizmatchilarimiz, huquq-tartibot organlari va qutqaruv xizmati xodimlari haqiqiy mardlik va jasorat namunasini, yuqori kasbiy mahoratni namoyon etganlari alohida tahsin va e`tirofga sazovordir.
Bunday murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qo`yilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkoni beradi.
Mintaqamizda yagona bo`lgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Akademiyada jahon andozalariga mos innovasion ishlanmalar hamda ilg`or texnologiyalarga asoslangan o`quv-laboratoriya xonalari va eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilmoqda.
Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish bo`yicha qabul qilingan chora-tadbirlar qo`shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Pahlavon va botir o`g`lonlarimiz xalqaro harbiy-o`quv mashg`ulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi etakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo bo`sh kelmasdan, g`alabaga bo`lgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbotlamoqdalar.
Muhtaram vatandoshlar!
Biz global iqtisodiy inqiroz ta`siriga qaramasdan, harbiy xizmatchilarimiz va ularning oila a`zolarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo`yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.
Harbiy xizmatchilarning oila a`zolari uchun qo`shimcha ravishda ko`plab yangi ish o`rinlari yaratildi. 3 mingdan ziyod harbiy pensionerlar ishga joylashtirildi. Harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy o`quv yurtlarida ta`lim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi.
Hech shubhasiz, “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirib, mutlaqo yangi bosqichga ko`taramiz.
Yaqinda bo`lib o`tgan O`zbekiston Yoshlari forumida, Oliy Majlis va xalqimizga yo`llagan Murojaatnomamizda ham ushbu yo`nalishdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdik.
Yangi O`zbekistonda yosh avlodni jismoniy va ma`naviy sog`lom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar bo`lib ulg`ayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashlari uchun barcha kuch va imkoniyatimizni to`liq safarbar etamiz.
Jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo`lishimiz kerak.
Ayniqsa, adashib, yot g`oyalar ta`siriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sog`lom turmush tarziga, to`g`ri yo`lga qaytarishda harbiy xizmatchilarimiz davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!
Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to`qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O`zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart.
Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qo`shinlarni zamonaviy qurol-yarog` va texnikalar bilan ta`minlash, bo`linmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qo`llash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz bo`lib qoladi.
Hech shubhasiz, birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini ko`z qorachig`idek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz.
Hurmatli do`stlar!
O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan siz, azizlarni va oila a`zolaringizni yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog`liq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va mas`uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Xalqimizning yuksak ishonchi va hurmat-ehtiromi sizlarga hamisha yor bo`lsin!
Shavkat Mirziyoev
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni