Amerika harbiy havo kuchlari bombardimoni tomonidan Afg`onistonda terrorchilar tashkil etgan “Xalifat ovozi” radiostansiyasi portlatildi, deya xabar beradi Amerikaning ABC News telekanali.
NATOning Afg`onistondagi rasmiy vakili, polkovnik Mayk Louxorn 1 fevral kuni Amerika harbiylari Afg`onistonning Nangarxar viloyatida in qurgan terrorchilarga qarshi kuchli havo zarbalari berilganligini tasdiqladi.
Xabarlarga ko`ra, 21 nafar terrorchi halok bo`lgan, ulardan 5 nafari radiostansiyada faoliyat yuritgan.
Afg`onistondagi aholining 90 foizida televizor, internet yo`qligi bois ushbu radiostansiya mamlakatda juda mashhur bo`lgan.
Afg`onistonda 175 ga yaqin radiostansiya mavjud. “Xalifat ovozi” radiostansiyasi yoshlarni terrorchi guruhlarga jalb etish, ya`ni tashviqotlar bilan shug`ullangan. “Islom davlati” terrorchilari Afg`oniston bilan Pokiston chegarasida yangi “Xalifat” deb nomlangan muzofotni barpo etishni mo`ljallagan.





