Rossiyadagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQKF) Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq turmush o`rtog`i Lyudmila Putinaning familiyasini o`zgartirgani va mol-mulk bilan bog`liq operasiyalari to`g`risida «Sobesednik» jurnali tomonidan e`lon qilingan hujjatlarni tekshirdi. Bu haqda «Dojd» telekanali xabar bermoqda.
«Ozero» kooperativini tashkil etish haqidagi hujjatda Vladimir Putinning manzili sifatida Vasilevskiy orolidagi ikkinchi yo`lda joylashgan xonadon ko`rsatilgan. Bu xonadon 2015 yil 23 iyul kuni meros huquqi bo`yicha Lyudmila Putinaning singlisi — Olga Somaeva nomiga o`tgan. 24 avgust kuni esa xonadon Lyudmila Ocheretnaya nomiga rasmiylashtirilgan. Uning ismi, otasining ismi, tug`ilgan vaqti va joyi Lyudmila Putinaning ma`lumotlari bilan bir xil. Lyudmila Putina ko`p yillardan beri Shaxslararo munosabatlarni rivojlantirish markaziga g`amxo`rlik qilib keladi. Markazga Artur Ocheretniy rahbarlik qiladi, u 37 yoshda. «Sobesednik» jurnali surishtiruvida aynan u Lyudmila Putinaning yangi eri sifatida ta`kidlangan. Surishtiruvda qayd etilishicha, Ocheretnaya familiyasiga yangi pasport 2015 yil 2 fevral kuni Federal migrasiya xizmati (FMX)ning Moskva shahar boshqarmasida olingan. Jurnalning yozishicha, odatda pasport FMXning hududiy bo`limida topshiriladi, pasportning shahar boshqarmasi tomonidan berilishi Ocheretnayaning «alohida maqomga ega ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi». Xabar berishlaricha, Artur Ocheretniy «Sobesednik» jurnalining yozma murojaatlarini rad etgan. Eslatib o`tamiz, Vladimir va Lyudmila Putinlar 2013 yilda ajrashgan. Putin shundan beri rasman bo`ydoq sanaladi.





