AsosiyJamiyat

Xorijda ishlab chiqarilgan ayrim dorilar «Asosiy dori vositalari ro`yxati»dan chiqarildi

Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti barcha mamlakatlarga dori vositalari borasida umumiy yagona davlat siyosatini yurgizishni shakllantirish va amalga oshirishni tavsiya etadi.

Asosiy dori vositalari – sog`liqni saqlash sohasidagi eng muhim ehtiyojlarni qoplash maqsadida tanlab olingan dori vositalarining chegaralangan ro`yxati hisoblanadi.

«Asosiy dori vositalari ro`yxati» davlat byudjeti hisobidan stasionar bemorlar uchun dori vositalari xaridini amalga oshirishda, mahalliy korxonalar tomonidan eng zarur dori vositalari nomenklaturasini belgilash va ishlab chiqarishni kengaytirishga asos bo`ladi.

«Asosiy dori vositalari ro`yxati»ga tashxis va davolash standartlarida mavjud bo`lgan dori vositalari kiritilgan. «Asosiy dori vositalari ro`yxati»ga kirmagan dori vositalarini byudjetdan tashqari yoki bemorlarga o`z hisobidan tavsiya etiladi.

O`zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida»gi qonunining yangi tahririda Sog`liqni saqlash vazirligi «Asosiy dori vositalari ro`yxatidagi dori vositalarining, shuningdek tibbiy buyumlarning mavjud bo`lishi ustidan nazoratni ta`minlashi, ikki yilda kamida bir marta – Asosiy dori vositalari ro`yxatini ishlab chiqishi va tasdiqlashi» bo`yicha vakolatlari belgilangan.

Hozirgi kunda «Asosiy dori vositalari ro`yxati»da 378 ta xalqaro patentlanmagan nom bilan va dorivor o`simliklar saqlovchi asosiy dori vositalari ro`yxatida 52 ta xalqaro patentlanmagan nom bilan 3000 dan ortiq savdo nomidagi dori vositalari va shundan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan 217 ta (51 foizdan ortiq) 700 ga yaqin savdo nomidagi dori vositalari mavjud. 

Asosiy dori vositalarning ro`yxati joriy etilishi dori ta`minoti sifatini yaxshilash, ularni xarid qilishda byudjet mablag`larini tejash imkonni yaratadi.

Asosiy dori vositalari ro`yxati 37 farmakoterapevtik guruh va 101 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub 378 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan tashkil topgan. Ulardan ro`yxatning 45 foizini tashkil etuvchi 168 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmasevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Voyaga etmaganlar uchun asosiy dori vositalari ro`yxati 35 farmakoterapevtik guruh va 88 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub jami 330 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan tashkil topgan bo`lib, ulardan ro`yxatning 48 foizini tashkil etuvchi va 15 farmakoterapevtik guruhga mansub 160 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmasevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Dorivor o`simliklar saqlovchi asosiy dori vositalari ro`yxati 11 farmakoterapevtik guruh va 23 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub jami 52 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan tashkil topgan bo`lib, ulardan ro`yxatning 94 foizini tashkil etuvchi 49 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmasevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Avval ro`yxatga kiritilgan «Asosiy dori vositalari ro`yxati»dan xorijda ishlab chiqarilgan va O`zbekiston Respublikasida davlat ro`yxatidan o`tkazilmagan 36 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari ro`yxatdan chiqarildi. 

JSST tomonidan birinchi marta 1977 yilda «Asosiy dori vositalari ro`yxati» tasdiqlangan bo`lib va uning tavsiyasi asosida bugungi kunda 193 ta mamlakatda «Asosiy dori vositalar ro`yxati» joriy etilgan. Asosiy dori vositalari stasionar bemorlar ehtiyojini qoplash maqsadida tanlab olingan dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari bo`yicha ro`yxati hisoblanadi. Turli davlatlarda bu ro`yxat 350-450 ta xalqaro patentlanmagan nomlar bo`yicha dori vositalarini o`z ichiga oladi.

 

 

    Boshqa yangiliklar