Toshkentda fuqaroning arizasi sabab, avtomobilni boshqarish vaqtida qo`l telefonidan foydalangan milisiya xodimi jarimaga tortildi. Bu haqda Facebook’dagi «Voditeli Tashkenta» guruhiga asoslanib, “Daryo” nashri xabar bermoqda.

Fuqaro 2015 yil 22 sentyabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`i nomiga Nexia rusumli, davlat raqami 01 709 VSF bo`lgan xizmat avtomobilini boshqarib ketayotgan milisiya xodimi harakat davomida qo`l telefonidan foydalangani yuzasidan ariza yozgan.
Ma`lum bo`lishicha, Toshkent shahar IIBB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan, ko`rsatilgan avtomobilni boshqargan IIBB PPXB xodimining xatti-harakatlariga xolisona baho berish maqsadida, xizmat tekshiruvi o`tkazilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro arizasida ko`rsatilgan vajlar o`z tasdig`ini topgan, milisiya xodimi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 128-1-moddasi bo`yicha jarimaga tortilishi to`g`risidagi IIBB javob xati 2015 yil 10 oktyabrda fuqaroga yo`llangan.

2015 yil 24 oktyabr sanasida Toshkent shahar IIBB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi ariza muallifiga yo`l harakati qoidalarini buzgan milisiya xodimidan 260 480 so`m miqdorida jarima undirilgani haqida javob xati yuborgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 128-1-moddasiga ko`ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi eng kam ish haqi (EKIH)ning ikki baravari (25 yanvar holatiga ko`ra, 260 480 so`m) miqdorida jarima solinishiga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, EKIHning uch baravari (390 720 so`m) miqdorida jarima solinishiga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo`ladi.





