Kecha, 20 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining 2015 yildagi faoliyati sarhisobi, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirishning borishi, istiqboldagi vazifa hamda loyihalarni belgilashga bag`ishlangan Hay`at majlisi tashkil qilindi. Bu haqda vazirlik rasmiy sayti ma`lumot bermoqda.
Hay`at yig`ilishida ta`kidlanganidek, 2015 yilda axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish tizimida faoliyat ko`rsatayotgan korxonalar tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar hajmi 15,4 % ga, jumladan, aholiga ko`rsatilgan xizmatlar hajmi 24,7 % ga o`sgan, shuningdek, kompyuter dasturlari bilan bog`liq xizmatlar 13,4%. ga oshgan.
“Uz” hududidagi domenlar soni 2016 yilning 1 yanvar holatida 25,2 mingdan oshgan. Mazkur ko`rsatkich milliy internet hududi 2015 yilda 130 foizga oshganligidan darak beradi. Jumladan, ZiyoNET axborot ta`lim tarmog`iga 109 mingdan ziyod yangi resurs joylashtirilgan.
2015 yilda aholidan axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasidagi tashkilotlar faoliyatiga oid 4 432 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 3 544 tasi shikoyat tariqasida bo`lib, ular o`rganib chiqilganida 355 ta holatda tizimdagi korxonalar tomonidan yo`l qo`yilgan kamchilik aniqlangan. Shikoyatlar 2014 yilga nisbatan 19,5%ga kamaygan. Yig`ilishda korxona va tashkilot rahbarlariga yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan yaqindan ishlash, pochta aloqasi, telekommunikasiya va boshqa aloqa xizmatlarini ko`rsatish sifatini oshirish yuzasidan topshiriqlar yuklatildi.
21.01.2016 11:35





