O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaeva bilan suhbatlashish maroqli kechdi. Boisi, bir muddatga bo`lsa-da, san`at tarixiga sayohat qilgandek bo`ldik. Zero, loyihamiz maqsad va mazmuni ham shundan iborat edi. El ardog`idagi san`atkorni ortga nazar tashlashga undaganimizda, u kishi xotiralarini ko`z yoshlari bilan to`kib soldi...
Judolikdagi iltimosim...
Men, Andijon shahrida, aktyorlar oilasida tavallud topganman. Ota-onam u paytlarda Andijon teatrida ishlashar edi. Keyinchalik Samarqandga, bir ozdan so`ng Toshkentga ko`chdik. O`shandan beri Toshkentda yashab kelyapmiz. Bolaligimda rus maktabda o`qiganligim bois o`zbekcha gapirishni bilmas, hatto oila a`zolarim o`zbekcha gapirishsa tushunmas edim. Sababi, onam sil kasalligi bilan og`riganligi uchun bir muddat buvim bilan O`ratepada yashashimga to`g`ri kelgan.
O`n bir yoshga to`lganimdagina onamni ko`rishga muvaffaq bo`lganman. O`shanda onamga: “Maylimi, sizni bir marotaba o`psam”, deb qilgan iltimosim hech esimdan chiqmaydi. Onam ikkimiz bir-birimizning quchog`imizga otilib, ho`ngrab yig`laganmiz. Keyinchalik onam tuzalib yana birga yashay boshladik.
Onam Lizaxonim Petrosova Qoraqalpog`iston filarmoniyasidagi “Qirqqiz” ansamblida faoliyat yuritib, yaxshi unvonlarga sazovor bo`lgan. Dadam Muqimiy teatrida o`ttiz besh yilcha faoliyat yuritdi. O`n-o`n bir yasharligimda teatrga borib dadam o`ynagan spektakllarni tomosha qilardim. Dadam rahmatli Soyib Xo`jaev bilan birgalikda “Xolobka” (“Cho`ri qiz”), “Mister-X” spektakllarida birga o`ynardilar. Sahna asarlari nafaqat tomoshabin uchun, balki, aktyorlarning o`zi uchun ham qiziqdek tuyulardi nazarimda.
San`atga bo`lgan ilk havas...
Keyin urush boshlandi. O`sha yillarda Tamaraxonim konsertlarga tayyorgarlik ko`rar, repetisiyalar qilardi. Onamlar oilada beshta qiz bo`lib, ular orasidan Tamaraxonim, Gavhar Rahimova va onam Lizaxonim Petrosovalar san`atkor bo`lishgan. Shu bois mening bolaligim ham ular davrasida, san`atga bo`lgan qiziqish va o`zgacha ishtiyoq bilan o`tgan. Ashula, raqs, repetisiyalar, maqom qo`shiqlari, konsertlar ko`z oldimda bo`lib o`tardi. Hatto ayrim konsertlarda yosh bo`lishimga qaramay o`zim ishtirok etgan paytlarim ham bo`lgan. 1938 yilda Alisher Navoiy nomli opera va balet teatrida ommaviy sahnalarda chiqa boshlaganmiz.
“Diplom bermaymiz!”
1945 yil, o`n besh yoshimda hujjatlarimni teatr va rassomchilik institutiga topshirdim. Institut rektori menga: “Agar diplom olmoqchi bo`lsang, o`rta maktabni bitirishing kerak”, degan. Maktabni bitirganimdan to`rt kun o`tib institutdan diplom berishgan. Teatrga esa ustoz san`atkor Nabi Rahimov orqali kirib kelganman. Teatrda Sora opa Eshonto`raeva, Nabi Rahimov, Zaynab Sadrievalar bor edi. Institutimizdan teatrga Iroda Alieva, Lola Badalova, Erkli Malikboeva va men qabul qilinib, teatr repertuarini ko`tarishga harakat qilardik. O`zbek tilini o`rganishimga ham aynan ularning yordami katta bo`lgan. Tunda uxlamasdan ko`p kitob o`qir, musiqalarini eshitib, tarixni o`rganardik.
Negadir bugungi kunda aktyorlar bir roldan ikkinchi rolga yoki bir holatdan ikkinchi holatga o`tishda unchalik ta`sirli, ishonarli qiyofaga kira olmayapti. Buning sababi, o`z professionalligi ustida juda kam ishlayotganligidadir. Aktyor tez-tez boshqa-boshqa taqdirni ko`rsatib turadi. Shunday ekan, uning qiyofasi ham, ichki his-tuyg`ulari ham obraziga mos holda o`zgarishi kerak. Shundagina o`ynagan roli ishonarli chiqadi va bunga tomoshabin ham ishonadi.
“Sahnada yayrab yuribman...”
Tamaraxonim butun dunyo ashula va raqslarini o`rganib, sakson olti tilda qo`shiq kuylay olgan. Men xolam kuylagan ana shu qo`shiqlarni so`zlarigacha yoddan bilardim. Qolaversa, Tamaraxonimning o`sha repertuaridan men hozirgacha teatrdagi o`z faoliyatimda foydalanib kelyapman. 1942 yilda dramaturg Alexandro Kasano tomonidan yozilgan “Daraxtlar tik turib jon beradi” spektaklida ham Tamaraxonimdan o`rgangan, ispancha qo`shiqni ijro etganman. Tamaraxonim menga ustoz sifatida ko`p meros qoldirib ketganlar.
Andijon teatri bosh rejissyori Muzaffar Muhammedov mening san`atdagi ustozim desam adashmagan bo`laman. Tug`ilgan paytimda Muzaffar Muhammedov meni sahnada yayrasin deb shunday ism qo`ygan ekan. Farishtalar “Omin!” degan ekanmi, mana, haligacha sahnada yayrab yuribman (kuladi).
Talabalik yillarim
Institutda rahmatli aktyor Zikir Muhammadjonov biz bilan birga o`qir, darsdan so`ng teatrga borardik. Talabalarga teatrga kirishga ruxsat yo`q edi. Biz esa til topishib, kirib, joy yo`qligi uchun o`rindiqlarda emas, zinalarda o`tirib spektakllarni tomosha qilardik (kuladi). Sahnadagi aktyorlarni ko`rib, “Meni ham teatrga ishga taklif qilisharmikan? O`zbek tilini bilmayman-ku”, deya tashvishlanardim. Hatto “Meni rus guruhiga o`tkazinglar, o`zbek tilida o`qiy olmayman”, deya oila a`zolarim bilan janjallashganman ham.
Xolam Gavhar Rahimova o`shanda: “ Yayra, daraxt bir joyda ko`karadi!” — deya jerkib berganlar. Bu kunlarni eslab bugun shukur qilaman.
Ortga boqqanda...
Vaqt o`tyapti... Ortga qarasam, unga qaytishning hech ham iloji yo`q! Ammo bilasizmi, o`ylab qarasam, men hayotimni juda ham yaxish o`tkazgan ekanman. Ancha-muncha katta-kichik rollarni o`ynadim.
Kechagi kun bugungisiga hech o`xshamaydi. Bugungi kunni qanday o`tkazish kerakligini rejalashtirib qo`ymasang, birorta ishda senga omad kulib boqmaydi. Har kunni o`ylab, bugunning va kelajakning rejasini tuzish kerak. Kechagi o`tgan kun yoki lahza qaytarilmaydi. Shu bois vaqtning har lahzasidan unumli foydalanish kerak. Ayniqsa, aktyorlik sohasida rol o`ynashga to`g`ri keladigan bo`lsa, rejissyor ishonib rol topshirdimi, bu berilgan imkoniyatdan to`g`ri foydalanib, uni to`laqonli jonlantira olish kerak.
Sahnaga men aktyorman deb emas, men asardagi mana shu qahramonman, uning hayotini yashayapman, degan ichki tuyg`u bilan chiqish kerak. Sahnaga chiqqan aktyor aktyorligini unutishi kerak. U ijro etayotgan obraz birinchi galda yuragida, ko`zida jonlanishi kerak. Shuningdek, o`tmishni bilmagan inson kelajakka hech qachon etolmaydi. Negadir hozirgi yoshlar tarixga, o`tmishga unchalik ahamiyat bermayapti...





