O`zbekistonlik haydovchilar orasida 2015 yilda avtomobilning orqa stop-signallarini tinmasdan lipillab qilish juda ommalashdi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda faol haydovchilarning aksariyati bu holatga salbiy munosabat bildirdi, deb yozadi Daryo nashri.
«Nega lipillaydigan chiroqlarni o`rnatishyapti? Chunki ba`zi birovlarning qiladigan boshqa ishi yo`q! Old tomonga ham, orqa tomonga ham biror-bir lipillaydigan chiroqlarni o`rnatish mumkin emas. Avtohavaskorlar esa o`z mashinasi boshqalarnikidan ajralib turishi uchun har turli texnik yangiliklar bilan uni bezashga urinadi, biroq men bunda hech qanday yaxshi narsani ko`rmayapman», — degandi yo`l nazoratchisi.
Internet-nashr savol bilan murojaat qilgan haydovchilardan biri esa, o`z avtomobiliga bunday chiroqlarni o`rnatishni istamasa-da, biroq o`ziga shuni ravo ko`rganlarni tanqid qilish noto`g`ri ekanligi, har kimda tanlov huquqi borligini eslatib o`tgan.
Internetdagi ommabop sahifalarda, Facebook ijtimoiy tarmog`ining «Voditeli Tashkenta», «Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)» sahifalarida o`z avtomobiliga lipillaydigan chiroqlarni o`rnatganlarni tanqid qiluvchilar juda ko`plab topiladi.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 127-moddasi («Transport vositalarining tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish») 1-qismiga ko`ra, transport vositalarining yorituvchi qurilmalarini o`zgartirib o`rnatish — eng kam ish haqining bir baravari (21 yanvar holatiga ko`ra — 130 240 so`m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo`ladi.
Avvalroq Darakchi.uz nashri Toshkentda miltillovchi faralar o`rnatilgan avtomobillar qidirilayotgani haqida yozgandi. izmenit





