AsosiyJamiyat

Avtomobilni qizdirish foydasiz va zararli ekanligi ma`lum bo`ldi

Qish faslida O`zbekistonda va umuman boshqa sovuq o`lkalarda avtomobilni yurgizishdan oldin qizdirish odati bor. Olimlar bundan naf yo`q, qolaversa, atrof-muhitga zarar etkaziladi hamda yonilg`i va vaqt bekor sarflanadi,degan fikrga keldi. Bu haqda “Carzone.uz” nashri xabar bermoqda.

Karbyuratorli eski mashinalarni oldindan qizdirish maqbul amaldir, chunki agregat zaruriy haroratgacha isimasa, mashina o`chib qolishi mumkin. Ammo 1980-90-yillardan boshlab karbyurator injektorga almashdi, unda esa yonilg`i va havo aralashuvini maxsus datchiklar nazorat qiladi. Injektorli dvigatelni qizdirish shart emas, chunki yonilg`i-havo aralashmasini datchik nazorat qiladi va kerakli haroratga moslab beradi.

Shunday qilib, zamonaviy dvigatelni uzoq qizdirish shart emasligini ta`kidlanmoqda. Avtomobilsozlik mutaxassisi fikriga muvofiq yangi mashinani 30 soniyadan uzoq qizdirib turishning keragi yo`q, chunki u yo`l yurganida yaxshiroq qiziydi.

Besh daqiqa qizdirilgan mashinaning yonilg`i sarfi 7-14 foizga, o`n daqiqa qizdirilganiniki esa 12-19 foizga oshdi. Bundan tashqari, dvigatel qanchalik katta hajmda bo`lsa, motor salt ishlaganida yonilg`ini shuncha ko`p sarflaydi. Ya`ni zamonaviy avtomobillar yo`l yurgan sari benzinni tejash xususiyatiga ega bo`ladi,  salt ishlaganida esa yonilg`ini “eb qo`yib” dvigatel samaradorligi pastlaydi.

    Boshqa yangiliklar