AsosiyJamiyat

Islom Karimov joriy yilning muhim voqeasi nima bo`lishini aytdi

Mazkur voqea xususida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma`ruzasida aytib o`tdi.

2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikasiya va yo`l-transport infratuzilmasini modernizasiya qilish va rivojlantirish dasturining asosiy qoida va yo`nalishlarini so`zsiz bajarish bo`yicha boshlangan ishlarni 2016 yilda ham davom ettirish eng muhim vazifamizdir. 

Bu borada O`zbekiston milliy avtomagistralini modernizasiya qilish ishlarini yakuniga etkazish masalasi diqqatimiz markazida bo`lishi zarur. Buning uchun joriy yilda qariyb 513 kilometr avtomobil yo`llarini qurish va rekonstruksiya qilish lozim. 

Temir yo`l transporti sohasida temir yo`llar tarmog`ini yanada rivojlantirish, Samarqand – Buxoro temir yo`l uchastkasining elektrlashtirilishini ta`minlash, Qarshi – Termiz uchastkasini elektrlashtirish ishlarini davom ettirish hal qiluvchi yo`nalishga aylanadi.

Qamchiq dovoni orqali o`tadigan 19 kilometrlik tunnel qurilishini yakuniga etkazish va Angren – Pop yo`nalishi bo`yicha temir yo`l qatnovini yo`lga qo`yish, hech shubhasiz, joriy yilning muhim voqeasi bo`ladi. Bu yo`lning ishga tushirilishi Farg`ona vodiysi viloyatlari va mamlakatimizning boshqa hududlari o`rtasida temir yo`l orqali yuk va yo`lovchi tashish imkonini yaratadi. 

Shu munosabat bilan yana va yana bir bor ta`kidlab aytmoqchiman: bu qurilish biz uchun nafaqat strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo`lgan loyiha, ayni vaqtda u kommunikasiya va transport sohasida erishgan yuksak taraqqiyotimiz darajasini yaqqol namoyon etadi. 

    Boshqa yangiliklar