Asli o`zbekistonlik, hozirda Rossiyada ijod qilayotgan xonanda Sardor Milano “O`zbeknavo”ga yoshlar simfonik orkestri ishtirokida yakkaxon konsert berishi yuzasidan rasman murojaat qilmagan. Bu haqda “O`zbeknavo” bosh drirektori Farhod Jo`raev “Podrobno.uz” nashri muxbiriga ma`lum qildi.
Uning so`zlariga ko`ra, xonandaning yakkaxon konsert o`tkazishi uchun “O`zbeknavo” tomonidan hech qanday taqiq bo`lmagan.
“Bu borada taqiq so`zini ishlatish noo`rin. Hech qanday taqiq mavjud emas. Bizda ma`lum holatlarga nisbatan vaqtinchalik cheklovlar mavjud”, – dedi Jo`raev.
“Gap shundaki, Sardor Milano oktyabr oyida matbuot-anjumani o`tkazib, konsert o`tkazish haqida gapirganida, xonandaning Respublika hududida gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyasi yo`q edi”, – deya qo`shimcha qiladi “O`zbeknavo” bosh direktori.
Ma`lumotlarga ko`ra, Sardor Milano konserti tashkilotchilari uni o`tkazish uchun talab qilinadigan lisenziyani olish uchun “O`zbeknavo” ga umuman murojaat qilmagan.





