Ma`lumki, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Evropa klublari assosiasiyasi tomonidan yakunlangan yilda dunyo futbolida yorqin iz qoldirganlarni “Globe Soccer Awards — 2015” mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Quvonarlisi, ushbu taqdirlash marosimida hamyurtimiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov “Yilning eng yaxshi hakami” deb topildi. Ta`kidlash joizki, “Yilning eng yaxshi hakami” degan nomni olish uchun Ravshan Ermatovdan tashqari, Junayd Chaqir, Vilmar Roldan, Xoel Agilyar, Bakari Papa Gassama va Norbert Xauata kabi mashhur mutaxassislar ham da`vogarlik qilgandi.
Lekin mukofot ko`plab nufuzli chempionatlarda o`yinlarni adolatli boshqarish, to`g`ri va tez qaror qabul qila olish xususiyatiga ega Ravshan Ermatovga nasib etdi. Hamyurtimizni ushbu mukofot hamda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, suhbatga chorladik.
— “Yilning eng yaxshi hakami” deb tan olinib, “Globe Soccer Awards – 2015” mukofotini qo`lga kiritganingizda ko`nglingizdan nimalar kechdi?
— “Yilning eng yaxshi hakami” deb meni e`lon qilishganda ochig`i, juda xursand bo`ldim. Xalqaro maydonlarda Vatanimizni sharaflash, uning obro`si yuksalishiga hissa qo`shish – eng oliy baxt. Bu e`tirof nafaqat menga balki ustozlarimning, menga mehnati singan insonlarning mehnatiga berilgan baho deb hisoblayman.
— Bayram arafasida yurtimizning yuksak unvoni — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni hamda Prezidentimiz sovg`asi – “Malibu” avtomobili bilan taqdirlandingiz....
— Bu men uchun qo`shaloq bayram bo`ldi. Yangi yil arafasida Dubaydan Toshkentga qaytib kelganimda kamtarona xizmatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagani uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu katta ishonch yanada yuksak marralar sari rag`batlantiradi.
— O`zbekiston chempionatidan tashqari FIFA, OFK tomonidan tashkil etiladigan o`yinlarni ham boshqarasiz, bularning barchasiga qanday ulgurasiz va birdek mohirona boshqarish uchun g`ayrat va shijoatni qaerdan olasiz?
— Osiyo juda katta qit`a, doimiy parvozlar, joy almashinishiga ko`nikish ko`p kuch olishi tabiiy hol. Doimiy mashg`ulotlar va unda FIFA referilariga bo`lgan talab va yuklamalar ham yuqori. Bu oson emas, lekin inson o`z ishini yaxshi ko`rsa, undan zavqlansa bu qiyinchiliklar sezilmaydi. Yurtimda minglab muxlislar mening faoliyatimni faxr bilan kuzatib turishini his qilish esa har qanday qiyinchiliklarni engib o`tishga kuch bag`ishlaydi.
— Dunyoga mashhur jamoalarga hakamlik qilgansiz, 22 nafar yulduz futbolchi hakamni birdek hurmat qilishi uchun hakam qanday xislatlarga ega bo`lishi kerak?
— Ba`zida, ayniqsa Jahon chempionatlarida maydonda to`p tepayotgan 22 nafar futbolchining barchasi haqiqatdan ham yulduz bo`lishi mumkin. Ma`lumki, ularning o`ziga xos fe`l-atvori, injiqliklari ham bo`ladi. O`yin paytida futbolchilar hissiyotlarga haddan ortiq berilishadi, ba`zida esa hatto tajovuzkor bo`lib ketishadi. Mening nazarimda ana shunday vaziyatda hakam hissiyotlariga erk bermasligi, 90 daqiqa davomida ularni va o`yin muvozanatini nazoratda ushlab turishi lozim. O`yinni qaynoq qalb va sovuqqon aql bilan boshqarishi lozim. Hakam futbolchilarga faqat sariq yoki qizil kartochka bilan muomila qilmasdan, ularning tilini topib, hurmat bilan munosabatda bo`lsa, har qanday qiziqqon futbolchi ham o`zini bosadi. Qanchalik mashhur yulduz bo`lmasin ular ham inson, yaxshi muomala sariq yoki qizil kartochkadan ko`ra yaxshiroq natija berishini o`z tajribamdan bilaman.
— O`yin jarayonida sizga qiyinchilik tug`dirgan futbolchilar bo`lganmi? Masalan, Balotelliga o`xshagan fe`li og`ir futbolchilar bilan to`qnash kelganmisiz?
— Balotteliga o`xshagan futbolchilar ko`p, lekin umuman nazorat qilib bo`lmaydigan, tilini topish mushkul bo`lgan futbolchi uchramagan. Messi, Ronaldu, Runi, Neymar, Balotelli kabi bugungi kunning yulduz futbolchilariga hakamlik qilganman lekin vaziyatni nazoratdan chiqarib yuborgan paytim bo`lmagan. Ularning tilini topa olsangiz, hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.
— Bugungi kunda sizni hatto xorijda ham tanib, ko`chada tinch yurgani qo`yishmasa kerak... Bundan faxrlanasizmi yoki muxlislardan o`zingizni olib qochasizmi?
— Bunday holat uchrab turadi. Lekin muxlislardan hech qachon o`zimni olib qochmaganman. Aksincha bu o`zimga ham yoqimli (kuladi). Agar biror kishi men bilan rasmga tushishdan xursand bo`lsa, nega unga yo`q deyishim kerak?..
— Muxlislar futbolchilar va hakamlarning xatolarini kechirishi qiyin... Sizdan ham muxlislar norozi bo`lgan paytlar bo`lganmi?
— Bu savolga javob berishdan oldin, futbolga hakamlik qilish haqida to`xtalsam. O`yinda futbolchilarda dam olishga imkoniyat tug`ilishi mumkin, lekin hakam 90 daqiqa davomida tinmaydi. To`p qaerda bo`lsa, hakam ham o`sha erda bo`lishi kerak. Futbol hozir juda tezlashib ketgan, to`p bir jarima maydonidan ikkinchi jarima maydoniga 4 soniyada etib boradigan qarshi hujumlar ham uchrab turadi. Hech bir inson 100 metr masofani 4-5 soniyada yugurib o`ta olmaydi. Shunday ekan hakam ayrim vaziyatlarni ko`rolmay qolishi mumkin. Bu insonning imkoniyatlaridan kelib chiqib qaralganda, me`yoriy holat hisoblanadi va xato deyilmaydi. Agar hakam ko`ra-bila turib noto`g`ri qaror chiqarsa, uni xato deyish mumkin. Yoki bir qoidabuzarlik bo`lganda hakam bilan o`sha vaziyatning o`rtasidan bir futbolchi yugurib o`tib qolishi mumkin. Tabiiyki bunday vaziyatda chiqarilgan qaror qaysidir jamoa uchun omad, boshqasi uchun esa omadsizlik bo`lishi mumkin. Natijada, tabiiyki muxlislar norozi bo`lishadi. Aslida bu ham futbolning bir qismi. Ishqibozlar hakam har bir vaziyatni aniq ko`rishini xohlashi ham tabiiy. Lekin o`yinda yuz foiz aniqlik bilan qaror chiqarishning iloji yo`q. Chunki har bir o`yinda 200 ga yaqin “qoida buzildi yoki buzilmadi” degan vaziyat yuzaga keladi. O`shandan hakam ikki- uch vaziyatni ko`rmay qolsa, lekin umumiy hisobda 98 foiz to`g`ri qaror chiqarsa - bu yaxshi natija! Hakamlarning ayrim vaziyatlarni ko`ra olmay qolishi ham futbolning bir qismi deb baholanadi.
— Shunday vaziyatlardan qochish uchun futbolda “videotakror” yo`lga qo`yilishi kerak degan taklifga munosabatingiz qanday?
— Futbolni nega hamma yaxshi ko`radi? Tezligi uchun! Agar har bir vaziyatda o`yinni to`xtatib, videotakrorlarga murojaat qiladigan bo`lsak, 90 daqiqa kechadigan o`yin ikki –ikki yarim soatga cho`zilib ketishi mumkin. Asosiysi, o`yinning tezligi kamayadi va u qizg`inligi, jozibasini yo`qotadi. Nazarimda futbolda videtakrorlarning yo`lga qo`yilishi to`g`ri qaror emas...
— FIFAning korrupsiya bilan bog`liq mojarolarini qanday izohlaysiz?
— Bo`layotgan voqealardan men ham hamma qatori matbuot orqali xabardor bo`lyapman. Jarayon ichidagi voqealardan xabarim yo`q. Men faqat o`z ko`zim bilan ko`rgan narsaga izoh berishim mumkin.
— FIFA referisi sifatida oldinda zabt etilmagan qanday cho`qqilarni ko`rayapsiz?
— Aslida har bir futbol hakami va futbolchining orzusi bu jahon chempionatida ishtirok etish. Lekin mening jahon chempionatida qatnashganim, bu kelajakdagi orzularim tugadi degani emas. Har bir o`yinda ishtirok etganimda yurtim dong`ini taratayotganimni his qilib turish men uchun baxt. Hamyurtlarim “siz bilan faxrlanamiz” deyishsa, demak bekorga mehnat qilmayotgan ekanman, deb quvonaman va faoliyatimni davom ettirib, hamyurtlarimga yana va yana faxr tuyg`usini ulashishni niyat qilaman.
— Milliy terma jamoamiz istiqbolini qanday baholaysiz?
— Tan olish kerak, milliy terma jamoamiz oxirgi matchlarda yaxshi o`yin ko`rsatishdi. Futbolchilarning chaqnab turgan ko`zlarida g`alaba istagini ko`rdim. Futbolchilar millionlab muxlislarning kayfiyati ularning o`yini natijasiga bog`liqligini his qilib turishi kerak. O`zim faqat O`zbekiston milliy terma jamoasiga muxlislik qilganim bois, bizning terma jamoamiz ko`p narsaga qodir ekanligini ko`ryapman. Kelajakda xalqimiz orzusini amalga oshirib Jahon Chempionati maydonlarida to`p tepishlariga ishonaman
— Bizga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Ko`p sonli muxlislarimiz nomidan Jahon chempionatida Siz bilan birga milliy terma jamoamiz ham ishtirok etishini tilab qolamiz.
Dilfuza SOBIROVA suhbatlashdi





