Poytaxtimizdagi shinam restoranlardan birida “Keksalarga mehr qo`llarini uzataylik” shiori ostida hayriya tadbiri o`tdi.
Unda O`zbekiston va Qoraqalpog`iston Xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, G`ulomjon Yoqubov, O`zbekiston Xalq artisti Zulayho Boyxonova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Kozim Qayumov, Shuhrat Vohidov, Abdurashid Yo`ldoshev, Alisher Turdiev, To`lqin Jabborov, Ziyoda Qobilova, “Nihol” va “E`tirof” mukofotlari sovrindori Ulug`bek Rahmatullaev, xonanda Hilola Hamidova, “Toshkent zebolari” raqs dastalari ishtirok etishdi.
Mazkur xayriya tadbirida imkoniyati cheklangan, salomatligida nuqsoni bor bolalar, Respublikamizdagi “Mehr-muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, san`at ustalari bilan ijodiy hamkorlikda, o`z chiqishlarini namoyish etdilar.
Tadbir bosh rejissyori Gulnora Qo`chqorova rahbarligida, ularning ijodiy mahorati, sozlarni epchillik bilan chalishlari, san`atkorlar bilan birgalikda kuylagan qo`shiqlari, barchaning olqishiga sazovor bo`ldi. Mazkur tadbir, imkoniyati cheklangan bolajonlarning o`zlariga ham shodlik bag`ishladi.
Xayriya tadbiri xushkayfiyatda, ko`tarinki ruhda o`tdi. Imkoniyati cheklangan bolajonlar, hamda Urush va mehnat faxriylari, keksalarimizga cheksiz quvonch ulashgan bu kabi xayriya tadbirlari, yurtimizdagi yuksak mehr-oqibat namunasidir.
Manba: Fattohhon.com











