AsosiyJamiyat

Po`lat Saidqosimov teatrdan o`z xohishi bilan ketmaganligini aytdi

Teatr va kino aktyori, O`zbekiston xalq artisti Po`lat Saidqosimov “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida O`zbek Milliy akademik drama teatridan ketmaganligini, biroq nima uchun teatrda faoliyat ko`rsatmasligini tushuntirdi, deb yozadi “uz24.uz”

Aktyor “teatr sizga nima berdi?”, degan savolga javob berar ekan, teatr hayotining ajralmas bir qismiga aylanganini, nimagaki erishgan bo`lsa — hammasi mana shu teatr tufayli ekanligini, uni elga tanitgan, hurmatni bergan mana shu teatr bo`lganini va  shuning uchun ham O`zbek Milliy teatrining artistiman, deb hamisha g`ururlanib yurishini aytdi.

Unda teatrdan nega ketganligi so`ralganda, Po`lat Saidqosimov “Men teatrdan ketganim yo`q... 2005 yilda boshimga biroz tashvish tushdi. Shundan keyin teatrga kelsam, e`lonlar taxtasiga «Po`lat Saidqosimov bilan shartnoma bekor qilindi», deb yozib qo`yishibdi. Demak, hammasi tushunarli, dedim. Atrofga qarasam, hech kim yo`q. Sekin chiqib ketdimu qaytib bormadim. Yaqinda teatrning 100 yilligini nishonladik, shu munosabat bilan studiyamda hujjatli film tayyorladim. Oxirgi 10 yildan buyon ana o`shanda ilk bor teatrga bordim. Shungacha biror marta teatrga qadam qo`ymadim...”, - dedi.

“Menimcha, teatrda artist bo`shatilmaydi. U umrining oxirigacha ham rol o`ynashi mumkin. Yoshlik ham, munkillagan chol ham sahnaga doim kerak-ku! Qolaversa, odam yoshi ulg`ayavergani sari ijodi ham o`sadi, ulg`ayadi”, - deb qo`shimcha qiladi aktyor.

    Boshqa yangiliklar