2015 yilning 9 oyi davomida fuqarolarimizdan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining mansabdor shaxslari ustidan kelib tushgan 500 ga yaqin shikoyatning beshtadan bittasi ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga tegishlidir. Bu haqda Prezident Islom Karimovning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ta`kidlandi.
“Ishonch telefon”lari orqali adliya idoralariga qilingan murojaatlarning 96 foizi qanoatlantirilgan, arizalarning 4 foizini qanoatlantirish rad etilgan. Bu raqamlar nimadan dalolat beradi? Shikoyat bilan murojaat qilgan odamlarning u yoki bu davlat organlari qarorlaridan norozi bo`lishga to`la haqli ekanidan dalolat beradi.
Odamlar nima haqida ariza yozmoqda? Murojaatlar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy qarorlar qabul qilayotganidan, bu idoralarning mansabdor shaxslari qo`pol muomalada bo`layotganidan, aholi murojaatlari ular tomonidan to`liq, sifatli va o`z vaqtida ko`rib chiqilmayotganidan shikoyat qilmoqda. Fuqarolar tergov organlari tomonidan tergov harakatlarini amalga oshirishda prosessual qonunchilikni qo`pol ravishda buzish bilan bog`liq faktlar borligini ko`rsatmoqda.
"Yurtimizda tadbirkorlik faoliyati bo`yicha asossiz tekshiruvlar o`tkazilishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan ko`plab qonun hujjatlari qabul qilinganiga qaramasdan, ana shu soha vakillari bunday holatlar va boshqa qonunbuzarliklar davom etayotganidan shikoyat qilmoqda.
Mana shunday va boshqa ko`plab misollar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o`zlarining asosiy vazifasi, avvalo, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta`minlash, qonun hujjatlarining talab va normalariga so`zsiz rioya etish ekanini teran anglab olishi uchun hali ko`p ish qilishimiz kerakligidan dalolat beradi", deydi Islom Karimov.





