Yangi yilda tezyurar poezdlarning Toshkent – Buxoro yo`nalishi bo`yicha qatnovi yo`lga qo`yiladi. Bu haqda Prezident Islom Karimovning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ta`kidlandi.
«Bugun biz O`zbekistonimizda barpo etilayotgan eng zamonaviy, ulkan va noyob sanoat ob`ektlari bilan har tomonlama faxrlanishga haqlimiz. Ayniqsa, Surg`il koni negizida qiymati 4 milliard dollardan ziyod bo`lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi kabi ob`ektlarning foydalanishga topshirilayotgani, «Jeneral motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil dvigatellari ishlab chiqarilayotgani, «MAN» kompaniyasi ishtirokida Samarqand viloyatida yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradigan yangi kompleks tashkil etilgani, shuningdek, Yaponiyaning «Isuzu» kompaniyasi bilan birgalikda avtobuslar ishlab chiqarilayotgani, «Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi» mas`uliyati cheklangan jamiyati bazasida «Damas» va «Orlando» engil avtomobillari ishlab chiqarish o`zlashtirilganini alohida ta`kidlash o`rinlidir», - deydi Yurtboshimiz.
Shuningdek Islom Karimov o`z nutqida Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqaradigan zavod barpo etilgani, temir yo`l magistrallarining elektrlashtirilayotgani, yuqori tezlikda harakat qiladigan «Talgo-250» yo`lovchi poezdlari xarid qilinib, Toshkent – Samarqand va Toshkent – Qarshi yo`nalishlari bo`yicha ularning harakati yo`lga qo`yilganini ta`kidladi.





