AsosiySport

Alisher AHMEDOV: “Maldiv chempioni bo`lish oson emas”

Maldiv orollari chempionatida to`p surayotgan hamyurtimiz Alisher Ahmedov uchun mavsum omadli keldi. U mamlakat chempionligini qo`lga kiritdi. “Radiant” safida o`ynagan hamyurtimiz eng yaxshi darvozabon deb topildi. Ahmedovni yutuqlari bilan qutlagan holda Darakchi.uz'ga suxbatga tortdik.

- Alisher aka, avvalo chempionlik bilan tabriklayman. G`oliblik taassurotlari bilan o`rtoqlashsangiz.

- Rahmat. Albatta, ilk mavsumdayoq oltin medallarni qo`lga kiritish har bir futbolchiga quvonch baxsh etishi turgan gap. So`nggi tur oldidan «Maziyani» klubini 3:1 hisobida mag`lubiyatga uchratganimizdan so`ng muddatidan avval Maldiv chempioniga aylandik. “Nyu Radiant” mana to`rtinchi yildirki, mamlakatning eng kuchli klubi nomini saqlab qolmoqda. Jamoa shu tariqa OFK kubogida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi. Garchi chempionat yakunlanishiga bir tur qolganida chempionlik masalasini ijobiy hal qilgan bo`lsakda, mavsum biz uchun engil o`tdi, deya olmayman. Har bir o`yinda qiyinchilikka duch keldik. Deyarli barcha klublar chempionga qarshi kechadigan o`yinga alohida jiddiy tayyorgarlik bilan kelishdi.

- Legioner sifatida o`ynash qiyin ekanmi?

- Chidasa bo`ladi. Vatan, oila sog`inchini aytmasa, qolganiga moslashish oson. Legionerlar tajriba bobida hamisha mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun bo`lishlari shart. Shu jihatni hamisha his qilgan holda maydonga tushdim. Mashg`ulotlarda astoydil ter to`kdim. Mehnatlarim samarasi o`laroq, meni chempionatning eng yaxshi darvozaboni, deb topishdi. Bundan juda ham xursandman.

-Yutuqlaringizni kimga bag`ishlaysiz?

- Eng avvalo, ota onamga, shuningdek, barcha futbol muxlislari, hamyurtlarimiz, yaqinlarim va do`stlarimga bag`ishlayman. Fursatdan foydalanib, barchalariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Muvaffaqiyatga erishishimda ularning xizmat va hissalari beqiyos.

     

    Boshqa yangiliklar