4 dekabr, juma kuni “Turkiston" saroyida 22 nafar "O`zbekiston belgisi" ko`krak nishoni sovrindorlari taqdirlandi. Bu haqda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati rasmiy sayti ma`lumot bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, mazkur ko`krak nishoni sohibi bo`lish ishtiyoqidagi yoshlarning soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu yil tanlov Komissiyasiga 970 nafar nomzodlarning hujjatlari kelib tushgan bo`lsa, ushbu nomzodlardan 22 nafari ko`krak nishoni sovrindoriga aylandi.

Tantanali marosim oldidan sovrindorlar Mustaqillik maydonidagi "Mustaqillik va ezgulik” monumenti poyiga gulchambar qo`yishdi. Shundan so`ng poytaxtimizdagi muhtasham "Turkiston” saroyida tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

Tadbirda vazirlik, idora, va muassasalarning rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari, "Kamolot” YIHning etakchilari va faollari, "O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni sovrindorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Yurtimizning taniqli xonandalari Rashid Xoliqov, Gulsanam Mamazoitova, Ziyoda, Alisher Turdiev, "Sharq" guruhi, O`zbekiston Qurolli Kuchlari ansambli, Ramiz Usmonov va Shirin Mamatovalar ijrosidagi taronalar barchaga xush kayfiyat bag`ishladi.





