AsosiyShou-biznes

Qonun barchaga barobar, Botir Qodirovga ham (to`liq talqinda)

Bizga ma`lumki estrada qo`shiqchiligi san`atida ijod qilib kelayotgan har bir xonandaga yaratgan qo`shiqlarini OAV orqali muxlislarga taqdim etish, shuningdek, gastrol-konsert, to`y  va tadbirlarda ishtirok etish, yakkaxon konsert dasturini o`tkazish uchun lisenziya taqdim etiladi.

Shuningdek, tegishli  me`yoriy hujjatlarda xonandalarning belgilab  qo`yilgan talab va shartlarga amal qilishi lozimligi, aks holda xonandani lisenziyasidan mahrum etish mumkinligi ko`zda tutilgan.  Oxirgi paytlarda xonandalarni lisenziyasidan mahrum etish holatlari tez-tez uchrab, ular orasida axloq-odob me`yorlariga zid harakatlarni sodir etgan san`atkorlarga nisbatan ham “O`zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan tegishli choralar ko`rib kelinmoqda...

Bu haqda gap ochishimizga  Botir Qodirovning konserti paytida yuz bergan mashmashalar sabab bo`ldi. Keling, hammasini bir boshidan gapiraylik.

Ma`lumki, 21-22-23 kunlari potaxtimizdagi “Istiqlol” san`at saroyida Botir Qodirovning yakkaxon konserti bo`lib o`tdi. Konsert boshlanishidan  bir kun avval odatdagidek  xonandaning prodyuseriga qo`ng`iroq qilib “Darakchi” gazetasi nomidan ro`yxatga familiyamizni yozdirib qo`ydik va konsertning ikkinchi kuniga kiradigan bo`ldik. Lekin belgilangan kuni borganimizda saroy eshigidagi qo`riqchilar bizni konsertga kiritishmadi...

“Xonandaning jahli chiqqan, hech kimni ko`rishni istamayapti!”

Eshik oldida turgan qo`riqlash xizmati xodimlariga “ro`yxatda bormiz, Botir Qodirovning prodyuserining ham xabari bor” deb hujjatimizni ko`rsatdik. Ro`yxatni sinchiklab ko`zdan kechirgan qo`riqchilardan biri bizning familiyamiz qayd etilmaganligini aytdi va qolaversa, matbuot xodimlarini konsertga umuman kiritmaslik haqida san`at saroyi rahbariyati tomonidan buyruq borligini ta`kidladi. Hayron bo`ldik. Xonandaning prodyuseri bizni nega ro`yxatga yozmadi ekan?

Bir ozdan so`ng  tartibni saqlash xodimlari saroyning eshigi yonida turish mumkin emasligini aytib, bizni chiqarib yuborishdi. Biz xonandaning ma`muri Asror Isoxo`jaevni chaqirib, masalaga oydinlik kiritishnii so`radik.

Ma`murning aytishicha, konsertning birinchi kunida matbuot xodimlaridan biri noqonuniy ravishda kitob chiqarib sotgan. Bundan  xabar topgan xonanda jahli chiqib, oynalarni sindirib tashlagan, OAV xodimlari konsertiga kirishini istamagan.  Shuningdek, u konsert saroyi rahbariga «jurnalistlarni  kiritmaysiz, biz ularni chaqirmaganmiz», degan ekan.

Hayratdan yoqa ushladik! Xalq va san`atkorlarni bog`lab turadigan, ularning faoliyatini yoritib kelayotgan matbuot xodimlariga shunday munosabatda bo`lish mumkinmi? Nega endi kimdir  yo`l qo`ygan xatoga boshqalar ham javob berishi kerak? 

Demak rost...

Ushbu savol bilan ertasi kuni konsertni tashkillashtirgan,  “O`zbeknavo estrada birlashmasi”, konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Qobiljon Yo`ldoshevga murojaat qilganimizda, u  Botir Qodirovning o`zi saroy rahbariyatidan jurnalistlarni konsertga kiritmaslikni so`raganini tasdiqladi.  San`at saroyi ma`muriyati esa, xonandaning talabini qondirishgan.

Shundan keyin biz ham xonandaning ma`muriga vaziyat qanday bo`lsa shundayligicha yoritishimizni aytdik u esa Botir Qodirovni tarafini  ola boshladi. Bu gal  ma`mur bizni konsertning uchinchi kuni, kunduzgi  seansga  taklif qilib, kechagi mashmashani konsertga taklifnoma tegmay qolgan qo`riqlash xizmati boshlig`i o`ylab topganini aytdi. 

Ana xolos! Avvaliga Botir Qodirov aybdor bo`lgandi, endi esa chipta tegmay qolgan qo`riqlash xizmati rahbari!

Xullas, nima bo`lganda ham matbuot xodimlari konsertga kiritilmadi (balki boshqa matbuot xodimlari kirgandir degan xayolda qayta so`raganimizda ma`mur “hech bir jurnalist kiritilmadi!” deb ta`kidladi).

“San`atkorlik darajasini suiiste`mol qilmang”

Ushbu voqealarni xolislik nuqtai nazardan yoritish maqsadida konsert dasturi tugaganidan so`ng xonandaning ma`muri Asror Isaxo`jaevga yana qo`ng`iroq qildik va voqealarga xonandaning izohini so`radik. Xonandaning prodyuseri esa hali mojaro tugamaganligi, bu borada keyinroq batafsil ma`lumot berishlari mumkinligini aytdi.

Shundan so`ng, biz omma uchun namoyish etilayotgan konsert va boshqa dasturlarda OAV vakillari erkin ishtirok etish va yoritish huquqiga egami? Yoki bu borada biror cheklov o`rnatilganmi degan savol bilan  “O`zbeknavo” estrada birlashmasining direktori vazifasini bajaruvchi Murod Majidovga murojaat qildik.

— Jurnalistning konsertga kirishiga hech qanday cheklov qo`yilmagan, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi konsertni o`tkazish va konsert ssenariysiga javob beradi, agar jurnalist konsertga kirish uchun ro`yxatdan o`tgan bo`lsa konsertga kirgizish va nazorat qilishga saroy qo`riqlash xizmati javobgar,  jurnalist qonunda belgilab qo`yilgan huquqlari va vakolatlariga ko`ra konsertga kirish va uni yoritish huquqiga ega.

— Omma uchun konsert berayotgan xonandalar o`z manfaatlaridan kelib chiqqan holda konsertida OAV vakillari ishtirokini cheklashi yoki umuman taqiqlashi mumkinmi?

— Xonandalarning o`z manfaatlaridan kelib chiqqan holda konsertida OAV vakillari ishtirokini cheklagani o`z san`atkorlik darajasini suiiste`mol qilganidan dalolat.

Prodyuserning “saroy qo`riqlash xizmati boshlig`iga taklifnoma tegmay qolgani sabab shu holat yuzaga keldi” degan gapini tekshirib ko`rish maqsadida Istiqlol san`at saroyiga yo`l oldik va saroy direktori Isroil G`ulomov hamda qo`riqlash xizmati boshlig`i Yusuf Bobojonov bilan uchrashdik. Prodyuser Asror Isaxo`jaev tomonidan qo`yilgan ayblov yuzasidan avval san`at  saroyi direktori Isroil G`ulomov izoh berdi:  

  • Konsertning birinchi kunida bir telejurnalist Botir Qodirovning o`zidan ruxsat so`ramagan holda, uning oilaviy hayoti haqida  kitob nashr ettirgan va uni konsert zali foyesida sotgan (!). Jurnalistning konsert zaliga o`zi bilan nechta kitob olib kirib sotgani noma`lum. Ammo shu kitobni sotib olgan muxlislardan biri konsert jarayonida Botir Qodirovdan kitobga dastxat qo`yib berishni so`ragan. Kitobni ko`rgan Botir Qodirovning kayfiyati tushib, jahl ustida mikrofonni tashlab, sahnani tark etgan. Keyin ham g`azabini bosa olmay, pardozxona eshik, oynalarini sindirib, yangi o`rnatilgan pechlarni ham buzib tashlagan, natijada quvurlardan suv oqib ketdi.

(Qo`riqlash xizmati boshlig`i Yusuf Bobojonov Botir Qodirov sodir etgan tartibsizliklar fotosuratlarini ham ko`rsatdi).

Shundan so`ng ertasigayoq men jurnalistlarni konsertga kiritaslik haqida buyruq berdim.

Qonun Botir Qodirovga ham tegishli!

Yusuf Bobojonov, “Istiqlol” san`at saroyi qo`riqlash xizmati boshlig`i:

—Botir Qodirovning prodyuserining gapi yolg`on. U aytgan chiptaning menga umuman keragi yo`q. Agar konsert tomosha qilgimiz kelsa, shundoq ham biz uchun ajratilgan maxsus joy (loja) bor, o`sha erdan tomosha qilaveramiz. Undan ko`ra prodyuser sahnaga chiqishga tayyorlanayotgan Botir Qodirovning chekkanini, o`t o`chirish xodimlari bilan birgalikda bildirgi yozib, xonandani jarimaga tortganimizni aytsin! Shu paytgacha hatto eng mashhur san`atkorlar ham bu saroyda chekmagan! Nega endi hammaga barobar bo`lgan qonun Botir Qodirovni chetlab o`tishi kerak? Ichki tartiblarga javob bersa, konsert qo`yishsin, bo`lmasa saroyimizda bunday xonandalarga o`rin yo`q. Jurnalistlarga kelsak, xonandadan ruxsatsiz kitob savdosi bilan shug`ullangan o`sha jurnalist ayol haqida bildirgi yozib, saroy direktori Isroil G`ulomovdan konsertga jurnalistlarni kiritmaslik to`g`risida chora-tadbirlarni ko`rib chiqishni so`radim. Shunga ko`ra saroy direktori tomonidan konsertga jurnalistlarni kiritmaslik to`g`risida buyruq berildi. Bor gap shu!

Mohichehra EShMIRZAEVA

Darvoqe, "Darakchi" gazetasining 10 dekabr kuni sotuvda chiqadigan sonida Botir Qodirovning ushbu voqea to`g`risidagi fiklari bildirilgan intervyuni ham o`qishingiz mumkin. San`atkorning o`zi harakatlarini qanday izohlaydi.

O`TKAZIB YuBORMANG!

 

    Boshqa yangiliklar