Samarqand viloyat hokimligida xalq deputatlari viloyat va tumanlar kengashlarining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda viloyat va tumanlar kengashlari deputatlari, shuningdek, viloyat hokimining o`rinbosarlari, tegishli boshqaruv idoralari rahbarlari, tumanlar prokurorlari, Ichki ishlar bo`limlari boshliqlari, Fermerlar kengashlari raislari ishtirok etdi.
Yig`ilishda o`tgan xo`jalik yilida faoliyat ko`rsatgan 6705 fermer xo`jaliklari tomonidan 703 ming tonna don, 3128 fermer xo`jaliklari tomonidan 228,4 ming tonna paxta xomashyosi, 3353 ming tonna meva-sabzavot, 1322 ming tonna chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgani ta`kidlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi sayti xabar beradi.
Biroq, ayrim fermer xo`jaliklarida erdan foydalanish samaradorligi pastligi, oqibatda qishloq xo`jalik ekinlaridan norasional foydalanilishi, kontraktasiya shartnomalarini bajarmaslik holatlari kuzatilmoqda. Shu jihatdan, har bir tumanda tegishli viloyat rahbarlari, adliya, davlat soliq boshqarmasi, xo`jalik sudi, bank, sud ijrochilari va Fermerlar kengashlari raislaridan iborat maxsus hududiy ishchi guruhlari tashkil qilindi. Guruhlar reja asosida joylarda har bir fermer xo`jaligi faoliyatini tahlil qilib, tegishli tashkilotlar bilan taqqoslama dalolatnomalar tuzdi.
Shartnoma shartlarini bajarmayotgan, iqtisodiy nochor, qarzdorligi ko`payib borayotgan, agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmasligi sababli hosildorligi pasayib borayotgan 24 ta fermer xo`jaligi bo`yicha xo`jalik sudining qarorlari chiqdi.
Shuningdek, ishchi guruh xulosasi asosida 927 ta fermer xo`jaligi samarasiz deb topildi.
Qayd etish lozimki, ilgari fermer xo`jaliklarini tashkil etishda talabgorning iqtisodiy ahvoli, texnikasi, tajribasi, mutaxassisligi deyarli e`tiborga olinmagan. Hokimlar va sohaga mas`ul 2-3 shaxs tomonidan fermerlarning yuzaki tanlab olinishi, qarzdor fermer xo`jaliklari tugatilib, ularning qarzlari osilib qolish holatlari ko`paygan.
Bundan tashqari, fermerlarga pirovard natija, ya`ni daromad olish orqali davlat ta`minot tashkilotlari va byudjet oldidagi qarzlarini to`lash mas`uliyati shakllantirilmagan. Bu borada ta`sirchan usullarni qo`lash masalasi e`tibordan chetda qolgan.
Ayni paytda viloyatdagi 12641 ta fermer xo`jaligiga (oldingidan 1689 ta ko`p) 390,8 ming gektar ekin er maydoni biriktirildi. Ularda 21651 ta qo`shimcha yangi ish o`rinlari hamda erdan samarali foydalanishga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratilgan.





