AsosiyJamiyat

Yuragimda saqlaganlarim: "Dunyo yaxshilikdan "nafas olarkan"

Hayotda turli voqealar bo`ladi. Shunday paytlar bo`ladiki, sizga g`oyibdan ko`mak uchun cho`zilgan qo`llarni yoki o`zini ko`rmay turib yordamini his qilgan insonlarni bilasiz. Ichingizda ulardan cheksiz minnatdor bo`lasiz-u, ammo aytolmaysiz. Bunga fursat ham, imkon ham bo`lmaydi. Men sizlarga ana shunday hodisa haqida aytib bermoqchiman...  

Hali bu voqea sodir bo`lganiga ko`p bo`lmadi. Lekin buni yuragimda haddan ortiq saqlab yuborgandekman.  Buning uchun o`zimdan xafa ham bo`lib ketaman goho...

Yoz. Ayni chilla kunlari. Havo juda issiqligi, yana ramazon ro`zasini tutayotganim sababli dam olish kunlari faqat salqin uyga kirib olib yotsam derdim. Shunday qilgandim ham. Ayni tush payti telefonim jiringladi.

  • Muborakni tug`ruqxonaga olib keldik. Qiynalyapti, — dedi onam yig`lab.
  • Siz nega keldingiz? Kuyov chaqirdimi? Qanaqa odam ekan-a, u? Chaqaloq tug`ilganidan keyin sizdan suyunchi so`rab bormaydimi, uyga? — dedim hali taniganimizga bir yil ham bo`lmagan yangi kuyovimizdan norozi bo`lib.
  • Kecha olib kelishgan ekan. Qiynalganidan keyin meni chaqirishibdi. Juda holdan toygan, — zo`rg`a gapirdi onam.

Men baribir kuyovimizdan norozi bo`ldim. Onani ham to`lg`oqdan to`lg`onib yotgan qizi yoniga olib keladimi? Tuqqanidan keyin xabar bersa bo`lardi-ku!

Keyingi voqealar kutilmaganda, yashin tezligida yuz bergandek nazarimda.

“Muborakni operasiyaga olib kirishdi...”, “Sira chiqmayapti, surishtir, bolam...”, “Nega buncha qolib ketishdi?”

Onamning adoqsiz, iztirobli savollaridan so`ng singlim yotgan tug`ruqxona va uni operasiya qilgan shifokorni surishtirdim.

Zamondan, texnikadan aylanay. Bir zumda hatto o`sha jarrohning telefon raqamigacha topishga muvaffaq bo`ldim.

  • Xalal bermay turing, shifokor operasiya bilan band. O`n besh daqiqadan so`ng qilsangiz gaplashadi, — dedi birinchi qo`ng`irog`imga javob bergan hamshira.
  • Nega surishtiryapsiz? Bemorning ahvoli og`ir, — dedi yana shifokor o`rniga go`shakni ko`targan ayol.
  •  Muncha qo`ng`iroq qilasiz? Bemorning ahvoli juda og`ir. Yuragi to`xtab qoldi... — keyingi eshitgan gapim shu bo`ldi.

Hech narsaga tushunmay qoldim... Hushim boshimdan uchib, yo`lga tushdim.

  • Uydagilarga, ayniqsa onamga hech narsa demang iltimos, biz boryapmiz, — dedim keyingi gaplashgan shifokorimga.

Yo`l deganlari ham shunchalar uzoq bo`ladimi? Toshkent-Samarqand orasidagi masofani bosib o`tgunimcha xuddi er sharini aylanib chiqqandek toqatsizlandim. Tilim tinmay bitta gapni takrorlardi: “Xudoyim, singlimni o`z panohingda asra. Hali yosh. Bolasining baxtiga, onamning baxtiga uning jonini omon saqla!”

Endi yigirma to`rt yoshni qarshilayotgan singlim, birinchi bolasini dunyoga keltiraman deb kesarcha kesish chog`ida komaga tushib qolgandi. Borsak, o`pkasi teshilib, kislorod tanasiga tarqagan singlim karavotda tog`dek bo`lib shishib yotar, og`zidagi sun`iy nafas beruvchi apparat bilan yanada vahimaliroq tuyulardi.

  • Nima bo`ldi unga? Soppa-sog`, o`z oyog`i bilan kelgan odam nega bu holga tushdi? — dod solishdan zo`rg`a o`zimni tiyib so`radim.
  • Operasiya paytida o`pkasi teshilgan. O`pkasi kasal bo`lgan bo`lsa kerak... — dedi shifokor.
  • Bo`lishi mumkin emas. U sportchi edi. Sog`lom edi...

Shifokor bilan boshqa tortishmadim. Singlimning ahvolini yaxshilash, komadan sog`-omon chiqarish yo`llarini qidira boshladik. Yugurgilab viloyat bo`yicha oti chiqqan shifokor-revmatolog borki, hammasini olib kelishga harakat qildik.

Singlim esa hamon o`zi nafas olmas, apparat “tut-tut” etib unga hayot baxsh etib turganini minnat qilayotgandek asabimizni egovlardi.

  • Kislorod tugayapti. Bir soatga etgulik zahira bor. Mana bu kislorod ballonni boshqa bo`limdan oldik. Bir soat ichida to`ldirib kelinglar, — dedi shifokor ichkaridagi ko`m-ko`k bo`ydor ballonga ishora qilib.
  • Qaerdan to`diramiz? — ukam va kuyovimiz shay turardi.
  • Samarqandga etmasdan “Farhod” posyolkasi bor. O`sha erda to`ldirishadi. Tezroq bormasangiz, navbat kutib qolasizlar!
  • Shuni ertaroq aytmaysizlarmi? Bir soat qolganda ham aytasizmi? Borish kelishi, navbat kutishi, kislorodni to`ldirishga  bir soat etadimi? — jonim chiqib ketay dedi.

Bu gapni eshik oldida o`tirgan onam ham eshitdi. Yuragini vahima qoplagan onaizorim hali ukamlar shifoxonadan chiqmay turib sabrsizlana boshladi:

  • Telefon qil, so`ra, etib borishibdimi? Tezroq kelishsin. Kislorod tugab qolsa, Muborak qanday nafas oladi?
  • Oyi, ular endi ketishdi. Ballon juda og`ir, uni uchinchi qavatdan tushirib, mashinaga ortishga ham vaqt ketadi-ku!
  • Endi nima qilamiz? Bolam qanday nafas oladi? Kislorod tugab qolsa...

Sal o`tmay, ukam qo`ng`iroq qildi:

  • Opa, navbatda turgan odamlarga tushuntirib, navbatsiz to`ldiryapmiz. Hozir uchib boramiz. Kislorod hali bormikan, so`rang...

Shu damgacha “Ey Xudo, uning jonini asra, o`ziga keltir!” deb o`tirgan odamlar endi “Ey Xudo, kislorod tugab qolmasin!” deya iltijo qila boshladik.

“Nahot, katta, barcha sharoitlar muhayyo shifoxonada kislorod balloni etarli bo`lmasa? Agar ahvoli og`ir bemorlar soni ko`paysa, nima qilishadi? Kislorod ballon etishmay, o`lib ketaveradimi?”

O`tirgan joyimda ming xayolga boraman. Jahl otiga minaman. Yana o`zimni bosaman: “Bexos birortasining dilini og`ritib qo`ymay, dilozorlik qilganim uchun singlim jabr chekmasin...”

Uch kun shu tarzda ukam va kuyovimiz yurak hovuchlab kislorod tashidi. To`rtinchi kuni xursand kelishdi:

  • Kislorod to`ldiradigan joydagi amakidan so`rab yana bitta ballon oldik. “Ijaraga bo`lsa ham topib bering”, degandik, shunday berib yubordi. “Singling tuzalsa, bo`lgani. Keyin qaytarib olib kelaverasan. Menam siqilib ketdim, shular kasalning oldiga vaqtida etib bordimikan, yo`qmikan, deb o`ylayverib” dedi-da, berdi. Endi xavotir olmasak ham bo`ladi.

O`zim ko`rmagan, bilmagan odamdan shunchalar minnatdor bo`ldimki...

  • Ilohim, bu yaxshiligi Xudoyimdan ming chandon ziyoda bo`lib qaytsin, dunyo turguncha tursin! — duo qilishga tushib ketdi onam.

“Muborak tuzalsa, borib rahmat aytib kelaman”, yuragimga tugib qo`ydim.

Ikki hafta o`tdi hamki, singlim ko`zini ochmas, hamon apparatda hayot uchun kurashmoqda edi. Biz ham shifoxonadan bir qadam jilmas, qo`limizdan kelgan yordamni qilishga intilardik.

  •  Ertaga 18 iyul — hayit! Shanba kunga to`g`ri kelarkan. Keyin yakshanba. Ikki kun do`xtirlar ham, kislorod to`ldiradigan joy ham ishlamaydi, opa. Bitta kislorod ballon o`n besh soatlarga etyapti. Ikki kun qirq sakkiz soat, ya`ni salkam to`rtta ballon degani. Yana ikkita kislorod ballon topishim kerak...— dunyoga sig`may gapirdi ukam.
  • Onam eshitmasin! Kislorodchi amakidan so`ra. Tanishlari bordir? Ikki kun ishlatganimiz uchun pulini to`laymiz, yana ikkita ballon topib bering, degin. 
  • Hozir “zapravka” qilgani borganimda so`rayman. Tashvish bilan bo`lib hayit ham esga kelmabdi. Bo`lmasa, ertaroq surishtirardim. Bir kunda topishga ulgurarmikanman?

O`sha ondan boshlab duolarim yana o`zgardi: “Xudoyim, o`zing mushkulimizni oson qil, kislorod ballon topilsin!”

Ukam ketganidan xavotirim ham kuchaydi. Men uni ballon izlab ko`p qoladi, deb o`ylagandim. Yo`q, tez qaytdi.

“Topilmabdi! Endi nima qilamiz?”

Ammo ukamning kayfiyati a`lo edi:

  • Opa, dunyoda yaxshilar ko`p ekan! Men gap boshlamasimdan kislorodchi amaki nima deydi deng: “Erta hayitligini bilib, hisoblab ko`rdim. Singlingga ikki kunga to`rtta ballon kerak bo`larkan. Surishtirib, tanishlardan yana ikkita ballon olib keldirib qo`ydim. Shularni ham to`ldirib olib ket. Dushanbagacha bexavotir o`tirasan, menam xotirjam bo`laman!” Xursand bo`lganimdan amakini quchoqlab olibman, opa.
  • Mening nomimdan ham quchib rahmat aytmabsan-da! — dedim sevinganimdan ko`zlarim yoshlanib.

Ichimda esa chin dildan dedim: “Dunyo turguncha turing, kislorodchi amaki. Boringizga shukr! Albatta, yoningizga boraman, rahmat aytaman!”

Bu gaplar ichimda qolib ketaverdi. Singlim yigirma kundan oshiqroq sun`iy nafas olgach, keyin o`zi ham nafas olishga o`tdi. Lekin hali bu sog`aydi, degani emasdi. Uni boshqa shifoxonaga ko`chirdik, hamon davolatishda davom etyapmiz. Xayolimiz ham, hayotimiz ham u bilan band bo`lgani bois, kislorodchi amakining yoniga borolmadim. Gaplarim yuragimda qolib ketaverdi.

Yaqinda yana qalbimdagi minnatdorchilik tuyg`usi tug`yon urdi. Shifoxonada, singlim yonida kuyovimiz bilan o`tirardik. Kuyovimizning telefoni jiringladi:

  • Kislorodchi amaki! — dedi kuyovimiz ko`zlari yonib. Gaplashib bo`lgach esa menga mamnunlik bilan dedi: — Esiga tushib ketibmiz. “Ayoling tuzalib ketdimi? O`tirib, yodimga tushdi. Hol so`rab qo`yay dedim”, deydi.
  • Tuzaladi! Shunday yaxshi insonlarning mehnati, yaxshiliklari, borligi, duosining ijobati uchun ham tuzaladi! — dedim to`lqinlanib va darhol kompyuterga o`tirib, yozishga kirishdim: “Kislorodchi amaki...”

Ha, men haliyam sizni ko`rganim, dilimdagi hislarimni bildira olganim yo`q. “Farhod” posyolkasidagi kislorodchi amaki, bu dunyoda borligingiz uchun rahmat! Hatto, ismingizni ham bilmayman! Ammo bizga qondoshdek yaqin, qarindoshdek qadrlisiz! Boringizga shukr!

Nargiza USANBOEVA

 

 

    Boshqa yangiliklar