AsosiyShou-biznes

San`atkorlar: daromadga yarasha buromad

"Darakchi" gazetasining avvalgi sonida “Oshig`i olchi” san`atkorlarning “stavka”si qancha?” nomli maqola chop etildi. Mazkur maqola so`nggida san`atkorlarning to`y xizmatlari narxlari nima asosida belgilanishi qayd etib o`tilgandi.

Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida so`rovnomalarimizda ishtirok etganlar san`atkorlarning to`y xizmatidagi “stavka”lari ular yaratayotgan qo`shiqlar, kliplar va tayyor mahsulotni “aylantirish”  xarajatlarini inobatga olgan holda belgilanishi ta`kidlashdi.

Haqiqatdan ham shundaymi?

Uzunquloq gaplarga ko`ra, 1 qo`shiqni  1 oy “aylantirish”ga 5 000 dan 10 000 sh/b (shartli birlik)gacha  mablag` talab qilinar ekan. Hisoblab chiqadigan bo`lsak, bir yilda aql bovar qilmas darajadagi xarajat kelib chiqadi. Xo`sh, shu rostmi? Albatta, birovning cho`ntagidagi pulni hisoblash noto`g`ri, ammo OAV vakili sifatida surishtiruv o`tkazishga qaror qildik.

Surishtiruv jarayonida bastakor, shoir hamda klipmeykerlarning mavzu yuzasidan bergan fikr-ulohazalariga esa siz ham quloq tuting.

Bitta qo`shiq qanchaga tushadi?

Ahad Qayum, shoir:

— Qo`shiqning omadli chiqishida matnning, ya`ni she`rning o`rni katta. Kelishuv asosida bitta she`r narxi 50-100 dollardan narxlanadi. Ayrim paytlarda san`atkorlar “1 oy davomida faqat men bilan ijod qilasiz”, deb 500 dollargacha to`lashadi. Aslida she`r yozish mening hayotim mazmuni. Shu sabab ko`pincha ustoz san`atkorlardan she`rlarim uchun haq olmayman, ular she`rimni qo`shiq qilganining o`zi men uchun sharaf.

Men bitta she`rni aniq bir summaga baholamayman. Ammo ba`zi hollarda shoirlarning kitobidan olingan she`rlarni  u yog` –bu yog`ini o`zgartirib ijro etish hollari uchrab turadi. Lekin biz ham kitoblarimizni nashr qilish uchun ham ancha-muncha xarajat qilamiz. She`r va qo`shiqning orqasidan yillab tirikchilik qiladigan xonandalar shoirni ham  rozi qilishni unutmasligi kerak. Marhum shoirlarning ijodidan foydalanganda ham ularning farzandlari va oilasini yo`qlab qo`yish lozim deb o`ylayman.

“Tarona” xarajatlarini oshkor qilmadi, ammo...

“Tarona rekord” studiyasi art-direktori Davron Muqimovga ham yuqoridagi savol bilan murojaat qildik. U aniq bir summani aytishni lozim deb topmagan bo`lsa-da, bitta qo`shiq yaratilishida juda katta mablag` sarflanishini ta`kidladi.

Qo`shiq yaratishning qanday xarajatlari bor?

  • Qo`shiq so`zi uchun shoirga
  • Musiqasi uchun bastakorga
  • Studiyada yozuv
  • Klip suratga olish uchun klipmeyker va aktyorlarga
  • Obraz ustida ishlash uchun liboschi va rassomlarga
  • Radiostansiyada qo`shiqni “aylantirish”ga
  • Yiliga kamida 5 ta yangi qo`shiq va bir butun yangi albom yaratishga

Radioda “promo” qilish qanchaga tushadi?

Radioda bitta qo`shiqning bir marta aylanishi 5-20* evroni tashkil qiladi (Ushbu narx radiostansiyaning reytingi hamda efirning qay vaqtlarida berilishiga ham bog`liq)

Televidenieda qancha?

MY5 telekanalida qo`shiqni bir marta aylantirish narxi kunduzgi efir soatlarida 60 dollarni kechki efirda esa 120 dollarni* tashkil qiladi.

Darvoqe, surishtiruv davomida MY5 telekanali san`atkorlarga bu borada ancha imkoniyatlar yaratgani ma`lum bo`ldi. Masalan, telekanalning “Mening yurtim-mening faxrim” loyihasida ishtirok etgan va g`olib bo`lgan san`atkorlarning videoketma-ketliklari tekinga efirga qo`yiladi. Bundan tashqari g`oliblarga telekanal tomonidan  klip suratga olish uchun ham imkoniyatlar yaratiladi.  Bunga misol sifatida xonanda O`ktam Hakimovning  “O`zbekiston” qo`shig`ini misol qilish mumkin.

“Navo” telekanalida qo`shiqni bir marta qo`yilishi kechki payt 110, kunduzi esa 50 dollarni* tashkil qiladi.

Hammasi qo`shiq g`oyasiga bog`liq

Narimon Sultoxo`jaev, klipmeyker: — Videoklip suratga olish qo`shiqning g`oyasiga bog`liq. Videokliplarga belgilangan aniq bir narxni ayta olmayman. Kliplarimdagi har bir detal ustida uzoq bosh qotiraman. Noodatiy, avval hech qaerda uchramagan buning ustiga ijtimoiy ahamiyatga molik bo`lgan g`oyalarni ilgari surishga harakat qilaman. Bir qarashda engil ko`rinsa-da, bunga juda ko`p kuch va vaqt sarflanadi.

Sarvar, “Benom” guruhi solisti:

— Bugun qo`shiq yaratish san`atkordan juda katta xarajatni talab etadi. Masalan, taronaga musiqiy sayqal berish va bastakorlik uchun 600 mingdan 3 milliongacha mablag` sarflanadi.

Qo`shiq she`ri 500-600 ming so`mni tashkil qiladi.

Studiyada xonandaning ovozi bilan musiqani uyg`unlashtirish 500 mingdan 1 milliongacha borishi mumkin. Klip suratga olish uchun eng kamida 10 million so`m sarflanadi.

Bitta qo`shiq mashhur bo`lishida eng asosiy va eng qimmat xarajat promo qilishga sarflanadi. Radioda bitta qo`shiqning aylanishi radiostansiya reytingiga  qarab 50 mingdan 200 ming so`mgacha boradi. Bu qo`shiqning  bir marta yangrashi uchun ketadigan xarajat.

Telekanallardagi xarajatlarni-ku, gapirmasa ham bo`ladi!

*Maqoladagi narxlar Markaziy bankning to`lov amalga oshirilayotgan kunidagi belgilangan kursda hisoblandi

Endi bir hisoblab ko`raylik-chi!

Yuqorida qayd etilgan ma`lumotlar asosida san`atkorlarning 1 ta qo`shiqqa sarflaydigan xarajatini eng minimal narxlarda hisoblashga harakat qilamiz.

1 qo`shiq uchun

She`r

 

Musiqa va aranjirovka

 

Klip

Radio Promo

1 oyda har kuni 2 martadan

TV Promo

15 marta har kuni 2 martadan

Jami

 

50

300

2000

500

5000

7850

 

 

 

 

 

 

 

Demak bir qo`shiqni omma hukmiga havola etish uchun 1 oyda qariyb 7 ming AQSh dollari sarflanar ekan, agar 1 yilda  5 ta qo`shiq tayyorlansa, unda xarajatlar qariyb 40 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Ushbu hisob-kitobimiz minimal narxlarda ekanligini hisobga olgan holda yana bir narsani ta`kidlamoqchimiz. Ya`ni, so`rovnomada ishtirok etgan san`atga aloqador insonlarning aytishicha, bitta san`atkorning reytingini ushlab turish uchun 1 yilda 100 ming AQSh dollarigacha xarajat qilinishi mumkin ekan.

Ko`rib turganingizdek san`atkorlarning biz muxlislarga manzur bo`ladigan qo`shiqlar yaratishi uchun ham ozmuncha mehnat va mablag` sarflanmas ekan.

Bu surushtiruvdan so`ng, har bir qo`shiqni jonli yoki efir orqali eshitganimizda uning zamirida qanchadan-qancha pul va mehnat yotganini his etsak ajabmas.

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar