"Darakchi" gazetasining avvalgi sonida “Oshig`i olchi” san`atkorlarning “stavka”si qancha?” nomli maqola chop etildi. Mazkur maqola so`nggida san`atkorlarning to`y xizmatlari narxlari nima asosida belgilanishi qayd etib o`tilgandi.
Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida so`rovnomalarimizda ishtirok etganlar san`atkorlarning to`y xizmatidagi “stavka”lari ular yaratayotgan qo`shiqlar, kliplar va tayyor mahsulotni “aylantirish” xarajatlarini inobatga olgan holda belgilanishi ta`kidlashdi.
Haqiqatdan ham shundaymi?
Uzunquloq gaplarga ko`ra, 1 qo`shiqni 1 oy “aylantirish”ga 5 000 dan 10 000 sh/b (shartli birlik)gacha mablag` talab qilinar ekan. Hisoblab chiqadigan bo`lsak, bir yilda aql bovar qilmas darajadagi xarajat kelib chiqadi. Xo`sh, shu rostmi? Albatta, birovning cho`ntagidagi pulni hisoblash noto`g`ri, ammo OAV vakili sifatida surishtiruv o`tkazishga qaror qildik.
Surishtiruv jarayonida bastakor, shoir hamda klipmeykerlarning mavzu yuzasidan bergan fikr-ulohazalariga esa siz ham quloq tuting.
Bitta qo`shiq qanchaga tushadi?
Ahad Qayum, shoir:
— Qo`shiqning omadli chiqishida matnning, ya`ni she`rning o`rni katta. Kelishuv asosida bitta she`r narxi 50-100 dollardan narxlanadi. Ayrim paytlarda san`atkorlar “1 oy davomida faqat men bilan ijod qilasiz”, deb 500 dollargacha to`lashadi. Aslida she`r yozish mening hayotim mazmuni. Shu sabab ko`pincha ustoz san`atkorlardan she`rlarim uchun haq olmayman, ular she`rimni qo`shiq qilganining o`zi men uchun sharaf.
Men bitta she`rni aniq bir summaga baholamayman. Ammo ba`zi hollarda shoirlarning kitobidan olingan she`rlarni u yog` –bu yog`ini o`zgartirib ijro etish hollari uchrab turadi. Lekin biz ham kitoblarimizni nashr qilish uchun ham ancha-muncha xarajat qilamiz. She`r va qo`shiqning orqasidan yillab tirikchilik qiladigan xonandalar shoirni ham rozi qilishni unutmasligi kerak. Marhum shoirlarning ijodidan foydalanganda ham ularning farzandlari va oilasini yo`qlab qo`yish lozim deb o`ylayman.
“Tarona” xarajatlarini oshkor qilmadi, ammo...
“Tarona rekord” studiyasi art-direktori Davron Muqimovga ham yuqoridagi savol bilan murojaat qildik. U aniq bir summani aytishni lozim deb topmagan bo`lsa-da, bitta qo`shiq yaratilishida juda katta mablag` sarflanishini ta`kidladi.
Qo`shiq yaratishning qanday xarajatlari bor?
- Qo`shiq so`zi uchun shoirga
- Musiqasi uchun bastakorga
- Studiyada yozuv
- Klip suratga olish uchun klipmeyker va aktyorlarga
- Obraz ustida ishlash uchun liboschi va rassomlarga
- Radiostansiyada qo`shiqni “aylantirish”ga
- Yiliga kamida 5 ta yangi qo`shiq va bir butun yangi albom yaratishga
Radioda “promo” qilish qanchaga tushadi?
Radioda bitta qo`shiqning bir marta aylanishi 5-20* evroni tashkil qiladi (Ushbu narx radiostansiyaning reytingi hamda efirning qay vaqtlarida berilishiga ham bog`liq)
Televidenieda qancha?
MY5 telekanalida qo`shiqni bir marta aylantirish narxi kunduzgi efir soatlarida 60 dollarni kechki efirda esa 120 dollarni* tashkil qiladi.
Darvoqe, surishtiruv davomida MY5 telekanali san`atkorlarga bu borada ancha imkoniyatlar yaratgani ma`lum bo`ldi. Masalan, telekanalning “Mening yurtim-mening faxrim” loyihasida ishtirok etgan va g`olib bo`lgan san`atkorlarning videoketma-ketliklari tekinga efirga qo`yiladi. Bundan tashqari g`oliblarga telekanal tomonidan klip suratga olish uchun ham imkoniyatlar yaratiladi. Bunga misol sifatida xonanda O`ktam Hakimovning “O`zbekiston” qo`shig`ini misol qilish mumkin.
“Navo” telekanalida qo`shiqni bir marta qo`yilishi kechki payt 110, kunduzi esa 50 dollarni* tashkil qiladi.
Hammasi qo`shiq g`oyasiga bog`liq
Narimon Sultoxo`jaev, klipmeyker: — Videoklip suratga olish qo`shiqning g`oyasiga bog`liq. Videokliplarga belgilangan aniq bir narxni ayta olmayman. Kliplarimdagi har bir detal ustida uzoq bosh qotiraman. Noodatiy, avval hech qaerda uchramagan buning ustiga ijtimoiy ahamiyatga molik bo`lgan g`oyalarni ilgari surishga harakat qilaman. Bir qarashda engil ko`rinsa-da, bunga juda ko`p kuch va vaqt sarflanadi.
Sarvar, “Benom” guruhi solisti:
— Bugun qo`shiq yaratish san`atkordan juda katta xarajatni talab etadi. Masalan, taronaga musiqiy sayqal berish va bastakorlik uchun 600 mingdan 3 milliongacha mablag` sarflanadi.
Qo`shiq she`ri 500-600 ming so`mni tashkil qiladi.
Studiyada xonandaning ovozi bilan musiqani uyg`unlashtirish 500 mingdan 1 milliongacha borishi mumkin. Klip suratga olish uchun eng kamida 10 million so`m sarflanadi.
Bitta qo`shiq mashhur bo`lishida eng asosiy va eng qimmat xarajat promo qilishga sarflanadi. Radioda bitta qo`shiqning aylanishi radiostansiya reytingiga qarab 50 mingdan 200 ming so`mgacha boradi. Bu qo`shiqning bir marta yangrashi uchun ketadigan xarajat.
Telekanallardagi xarajatlarni-ku, gapirmasa ham bo`ladi!
*Maqoladagi narxlar Markaziy bankning to`lov amalga oshirilayotgan kunidagi belgilangan kursda hisoblandi
Endi bir hisoblab ko`raylik-chi!
Yuqorida qayd etilgan ma`lumotlar asosida san`atkorlarning 1 ta qo`shiqqa sarflaydigan xarajatini eng minimal narxlarda hisoblashga harakat qilamiz.
1 qo`shiq uchun
|
She`r |
Musiqa va aranjirovka |
Klip |
Radio Promo 1 oyda har kuni 2 martadan |
TV Promo 15 marta har kuni 2 martadan |
Jami |
|
50 |
300 |
2000 |
500 |
5000 |
7850 |
Demak bir qo`shiqni omma hukmiga havola etish uchun 1 oyda qariyb 7 ming AQSh dollari sarflanar ekan, agar 1 yilda 5 ta qo`shiq tayyorlansa, unda xarajatlar qariyb 40 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Ushbu hisob-kitobimiz minimal narxlarda ekanligini hisobga olgan holda yana bir narsani ta`kidlamoqchimiz. Ya`ni, so`rovnomada ishtirok etgan san`atga aloqador insonlarning aytishicha, bitta san`atkorning reytingini ushlab turish uchun 1 yilda 100 ming AQSh dollarigacha xarajat qilinishi mumkin ekan.
Ko`rib turganingizdek san`atkorlarning biz muxlislarga manzur bo`ladigan qo`shiqlar yaratishi uchun ham ozmuncha mehnat va mablag` sarflanmas ekan.
Bu surushtiruvdan so`ng, har bir qo`shiqni jonli yoki efir orqali eshitganimizda uning zamirida qanchadan-qancha pul va mehnat yotganini his etsak ajabmas.





