"O`zavtoyo`l" aksiyadorlik kompaniyasida Germaniyaning qator kompaniyalari ishtirokida uchrashuv va muzokaralar bo`lib o`tdi. Ularda O`zbekiston hamda Germaniya Federativ Respublikasi o`rtasida avtomobil yo`llari qurilishi bo`yicha yo`lga qo`yilgan hamkorlik va uni samarali davom ettirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda "O`zavtoyo`l" AK matbuot xizmati xabar beradi.
Germaniyaning O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxard Xyofer-Vissing hamda GFR iqtisodiyot va energetika Federal vazirligi boshqarma boshlig`i o`rinbosari Bernxard Dux ishtirokida bo`lib o`tgan ushbu muzokaralarda ushbu mamlakatning "BOMAG GmbH", "AMMANN" kabi va boshqa kompaniyalari vakillari bilan kelgusida yo`lga qo`yilishi mumkin bo`lgan hamkorlik xususida so`z bordi.
Muzokaralar chog`ida O`zbekistonda mahalliy xomashyo va ishchi kuchi bazasida jahon andozalariga javob beradigan hamda O`zbekiston yo`l qurilishida ishlatiladigan yuksak texnika va texnologiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, asfaltbeton qorishmalari tayyorlashga yo`naltiriladigan, "BOMAG GmbH", "AMMANN" kompaniyalari ishtirokidagi qo`shma korxonalar barpo etish, yo`lsozlik sohasiga investisiyalar jalb etish masalalari muhokama qilindi.
O`z navbatida nemis kompaniyalari mazkur taklif yuzasidan o`zlarining amaliy rejalarini yaqin vaqtda taqdim etishlarini ma`lum qilishdi.
Uchrashuvlarda tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo`yicha fikr almashildi.





