Toshkentda bo`lib o`tgan xalqaro investisiyaviy forum doirasida hamkorlik to`g`risida yuzdan ortiq bitim va memorandum imzolandi. Ularning bir qismi “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hissasiga to`g`ri keladi.
O`zbekiston engil sanoati iqtisodiyotimizning ko`p tarmoqli va innovasion jozibador sektoridir. Quyidagi raqamlar ham engil sanoatning mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishda nechog`li muhim o`rin tutishidan dalolat beradi. Bugungi kunda tarmoqning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 3,8 foiz, sanoat mahsulotlari hajmida 26,2 foiz, nooziq-ovqat iste`mol tovarlari ishlab chiqarishda 44 foizni tashkil etmoqda.
Ayni paytda to`qimachilik bozoridagi yirik korxona hamda ta`minotchilarni birlashtirgan, barqaror va jadal rivojlanib borayotgan “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati engil sanoatimiz yuksalishida muhim o`rin tutmoqda. Aksiyadorlik jamiyati tarkibiga zamonaviy texnika bilan ta`minlangan 300 dan ortiq to`qimachilik, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona kiradi. Ular orasida dunyoning etakchi mamlakatlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan qo`shma korxonalar ham mavjud.
Xalqaro investisiyaviy forum doirasida Hindiston, Belgiya, Shveysariya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Polsha, Turkiya, Singapur, Yaponiya davlatlari firma va kompaniyalarining 35 dan ziyod vakili “O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.
“O`zbekengilsanoat” bilan investisiya loyihalarini amalga oshirish bo`yicha hamkorlik va o`zaro anglashuv to`g`risidagi sakkiz memorandum, to`qimachilik tarmog`i korxonasini sotish va xarid qilish bo`yicha bitta shartnoma imzolandi.
Xalqaro investisiyaviy forum yakuni bo`yicha «O`zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati chet ellik investorlar bilan umumiy qiymati 216 million dollarlik memorandum va shartnoma imzoladi.





