Bu haqda huqushunos Xushnudbek Hudoyberdievning blog-saytida quyidagi mulohazalar keltirilgan. Amnistiya qabul qilinishi uchun asosiy shartlardan biri bu Senatning yalpi majlisi o`tkazilishi va unda senatorlar tomonidan amnistiya akti muhokama qilingandan keyingina qabul qilinishidir.
Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati bergan xabarga ko`ra, joriy yildagi navbatdagi yalpi majlis 3 dekabr kuni chaqiriladi. Odatda Senatning yalpi majlislari 2 ish kunida bo`lib o`tadi va amnistiya aktining muhokamasi ikkinchi ish kuni kun tartibiga kiritiladi.
Agar favqulodda holatlar yuz bermasa, mazkur yalpi majlis joriy yildagi eng so`ngi yalpi majlis bo`ladi.
Agar joriy yilda Konstitusiya qabul qilinganligining 23 yilligi munosabati bilan amnistiya e`lon qilinadigan bo`lsa, unda ushbu amnistiya akti 4 dekabr kuni Senat tomonidan qabul qilinishi mumkin.
Eslab qoling: hozircha Senatning to`rtinchi yalpi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar batafsil e`lon qilinmaganligi uchun amnistiya e`lon qilinish sanasi – oddiy bir mutaxassis taxmini xolos, deb yozadi blogger.
2014 yildagi amnistiya aktida o`tgan yillardagidan farqli o`laroq, Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko`rsatilgan jinoyatni (firibgarlik) sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to`liq qoplamagan shaxslarga amnistiya akti qo`llanilmaydigan bo`ldi.
Bundan tashqari 2014 yilda muqaddam amnistiya akti bo`yicha jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod bo`lgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan barcha shaxslarga amnistiya akti qo`llanilmasligi belgilandi.
2014 yildagi yana bir yangiliklardan biri, muqaddam afv etish tartibida jazodan (javobgarlikdan) ozod qilingan shaxslar yana qasddan jinoyat sodir etgan bo`lsa, ularga nisbatan ham amnistiya akti qo`llanilmaydigan bo`ldi.





