AsosiyJamiyat

14 yoshli paxtachilik qizlarning pichoqlashishi qanday yakun topdi?

Tahririyatimizga Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan kelgan murojaatda 42 yoshli ayol 14 yoshli qiziga dugonasi tomonidan etkazilgan tan jarohati haqida yozib, nohaqlik yuzasidan qonun doirasida jazolanishi uchun amaliy ko`mak so`ragan. Murojaatdagi holatlar Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganildi.

O.Azimov, Samarqand viloyati prokurorining birinchi o`rinbosari:

- Viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro M.Tuxtaevaning qo`shnisi S.Jo`raqulovaning noqonuniy harakatlaridan norozi bo`lib yozgan murojaati ko`rib chiqildi.

Aniqlanishicha, 2015 yil 18 mart kuni soat 15.00 larda Paxtachi tuman "Yangiobod" mahallasida yashovchi 2001 yil 20 oktyabr kuni tug`ilgan S.Jo`raqulova sinfdoshi 2001 yil 02 iyun kuni tug`ilgan Ya.Tuxtaeva bilan o`zaro janjallashib, oshxona pichog`i yordamida unga jarohat etkazgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo`limi Tergov bo`limi  (IIB TB) tomonidan tergovga qadar tekshirish olib borilib natijasiga ko`ra Jinoyat Prosessula Kodeksning 84-moddasi 1-qismi 7-bandi, 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atish rad etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tuman IIB TB tomonidan qabul qilingan qarorlar viloyat hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan bekor qilinib qo`shimcha tekshirish o`tkazish uchun yuborilgan.

Tekshirish yakuniga ko`ra tuman IIB TB tomonidan voyaga etmagan S.Juraqulovaning harakatlarida qasddan odam o`ldirishga suiqasd qilish, ya`ni Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyat tarkibi yo`qligi, voyaga etmagan S.Jo`raqulovaning harakatlarida qasddan badanga og`ip shikast etkazish, ya`ni JKning 104-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi, biroq mazkur jinoyatni sodir etgan vaqti uning jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi 14 yoshga to`lmaganligi, shuningdek voyaga etmagan Ya.Tuxtaevaning harakatlarida Ma`muriy Javobgarlik to`g`risida kodeksning 52-moddasi 2-qismida ko`rsatilgan engil tan jarohati etkazish ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi, lekin u huquqbuzarlik sodir etgan vaqti 14 yoshga to`lmaganligi inobatga olinib 08.08.2015 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandi, 84-moddasi 1-qismi 7-bandi va MJtKning 13-moddasiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish to`g`risida qapop qabul qilingan.

Shuningdek, farzandlarini ta`lim-tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan S.Jo`raqulovaning onasi Z.Nazarova va Ya.Tuxtaevaning onasi M.Tuxtaevaga nisbatan MJtKning 47-moddasi bilan ma`muriy chora ko`rish uchun to`plangan hujjatlar tuman hokimligi huzuridagi voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyasiga yuborilib, Paxtachi tuman hokimligi huzuridagi voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyasining qaroriga asosan Z.Nazarova va M.Tuxtaevaga nisbatan MJtKning 47-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy jarima qo`llanilgan.

Mazkur qaror viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganilib asosli deb topilgan.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar