24-25 noyabr kunlari Toshkent shahrida «Bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatishning yutuqlari va istiqbollari (o`zbek modeli)» mavzusida xalqaro anjuman bo`lib o`tadi.
Anjuman O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, O`zbekiston pediatrlar assosiasiyasi, Germaniyannig GFA konsalting guruhi hamkorligida tashkil etilmoqda, deya xabar beradi UzMedInfo markazi axborot xizmati.
Tadbirda mamlakatimiz olimlari va mutaxassislari bilan bir qatorda, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF, BMT, YuNFPA, Germaniya Federativ Respublikasining KFW banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ekspertlari ishtirok etadi.
Anjuman doirasida xalqaro ekspertlar, sog`liqni saqlash sohasi va pediatriya fanida butun dunyoga tanilgan olimlar ishtirokida yalpi va seksion majlislar, satellit konferensiya va mahorat darslari o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Xalqaro anjumanning rasmiy ochilish marosimi 24 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo`lib o`tadi.





