Aloqa sohasida nazorat, axborot va kommunikasiya texnologiyalari buyicha davlat inspeksiyasining mobil aloqaning sifatsizligi borasidagi ko`rsatmalariga mobil operatorlar qanday munosabat bildirishadi?
Buguni kunda mobil aloqaning hayotimizda tutayotgan o`rni beqiyos. Ayni vaqtda iste`molchilar uchun uning sifat darajasi muhim muammolardan biri bo`lib turibdi, chunki aloqa sifatsizligi bilan bog`liq har bir muammo muhim ishlarni amalga oshirishda pand bermoqda. Mobil aloqa vositasida so`zlashuv vaqtida aloqaning o`z-o`zidan yo`qolib qolishi, yoqimsiz shovqinlar, so`zlashuv vaqtida so`zning boshi yo oxiri eshitmay qolishi, shuningdek gapni to`liq eshitib bo`lmaslik holatlari mobil aloqa vaqtida yuzaga kelayotgan muammolarning ba`zilari xolos.
Mobil aloqa sifati qoniqtirmagan vaqtda qaerga murojaat qilish lozim? Mobil aloqa operatorlari aloqa sifatini yaxshilash uchun qanday ishlarni amalga oshirmoqdalar? Shu va boshqa bir qator savollarga Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasi Mobil aloqa tizimlari monitoringi va radiochastotalardan foydalanishni nazorat qilish bo`limi boshlig`i Kamoliddin Avulov javob berdi.
- Yaqinda O`zbekistondagi ba`zi mobil aloqa operatorlari xizmat ko`rsatishning sifatsizligi borasida ogohlantirilgan edi. Ayni ogohlantirish qaysi mezonlar va ko`rsatkichlar asosida amalga oshirildi?
- Mobil aloqa operatorlariga xizmat ko`rsatish sifati standartlariga rioya qilishda muayyan talablarning buzilishi, ular ish sifatining qoniqarsiz deb baholanishiga sabab bo`lmoqda. Radiomonitoring natijalari va tarmoq sifat ko`rsatkichlari bo`yicha oylik hisobotlarni, tayanch stansiyalarning to`xtalishlari bo`yicha ma`lumotlar, shuningdek, kelib tushgan murojaatlar tahlili yakunlari bo`yicha bizning Inspeksiya “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK bilan hamkorlikda bir qator kamchiliklar aniqladi:
- alohida hududlarda mobil aloqa sifatsizligi;
- mobil aloqa xizmatlaridan tunu-kun foydalanish imkoniyati yaratilmaganligi;
- aholi kam istiqomat qiladigan hududlarni mobil aloqa bilan to`liq qamrab olinmaganligi.
- Aynan qaysi operatorlar Inspeksiyadan ogohlantirish oldilar?
- “COSCOM” MChJ QK(Ucell), “Unitel” MChJ (Beeline), “RWC” MChJ QK (Perfectum) va “O`zbektelekom” AK (UzMobile). Ularning barchasi O`zbekiston Respublikasi qonun va normativ hujjatlar talablari asosida o`z faoliyatlari amalga oshirmoqdalar va bugunda ular Inspeksiyaga aloqa sifatini yaxshilash borasidagi o`z rejalarini taqdim etishdi.
- O`zbekistonda mobil aloqa sifatini monitoring qilishda abonentlarning murojaatlari qanday o`rinni egallaydi?
- Fuqarolarning murojaatlari - muhim omil bo`lib, ular aloqa sifati yaxshi bo`lmagan, me`yorlarga muvofiq bo`lmagan hududlar haqida ma`lumot olish imkonini beradi. Operatorlarga beriladigan ogohlanirishlar aynan ularning murojaatlari asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida tashkil etilgan komissiya tomonidan har chorakda simli va mobil aloqa tarmoq sifati bo`yicha O`zbekistonning barcha hududlari bilan bog`langan holda selektor yig`ilishlari o`tkaziladi.
- Aloqa sifati nima uchun pand berayapti? Aloqa bilan bog`liq muammolar tug`ilganda qaerga murojaat qilish lozim?
- Bunday muammo yuzasidan eng avvalo mobil aloqa xizmatlarini ko`rsatib kelayotgan kompaniyaga yoki to`g`ridan-to`g`ri Inspeksiya va uning xududiy bo`linmalarning “ishonch telefonlari”ga murojaat qilish lozim (ularni www.gis.uz rasmiy sayti orqali topish mumkin).
- Abonentlar aloqa sifatining yomonligi borasida shikoyat bilan tez-tez murojaat qilishadimi? Buning asosiy sababi nimada?
- Yashirmayman, oxirgi vaqtda shikoyatlar soni ortdi. Bunga abonentlarning tobora ko`payib borayotgani, mobil Internet xizmatlariga bo`lgan qiziqish ham sabab bo`lmoqda. Chunki trafik ortgani sari mobil aloqa tarmoq yuklanishi usib bormoqda. Bu esa aloqa sifati hamda telekommunikasiya tizimga o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi.
Aytish lozimki, aholi zich bo`lgan hududlarda yangi tayanch stansiyalarini o`rnatishda quyidagi muammolar mavjud: yangi tayanch stansiyalarini o`ratishga mos keladigan ma`muriy binolarning yo`qligi, shuningdek uy-joy mulkdorlarning o`z uylarining tom qismida stansiyalarini o`rnatishni istamasliklaridir. Tayanch stansiyalarini demontaj qilish mobil aloqa sifatining pasayishiga olib keladi. Chunki boshqa yangi tayanch stansiya qurish va uni ishga tushirish ishlari uchun bir yildan kam bo`lmagan muddatda kerak bo`ladi. Bu esa o`z navbatida mobil aloqa sifatining yomonligi borasidagi shikoyatlarning ko`payishiga sabab bo`ladi.
- Aynan nimadan shikoyat qilishadi? Qay mazmundagi murojaatlarini ko`proq ko`rib chiqiladi?
- Abonentlar tomonidan asosan mobil aloqa sifati (ovozli xizmatlar, Internet) hamda axborot ma`lumotlar xizmatlar (call-markazlar) operatorlar faoliyatiga shikoyat qilishadi. Shikoyatlarning aksariyati Farg`ona, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Xorazm va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtimizdan tushadi.
— Mamlakatimizning olis hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar mobil aloqadan foydalanish imkoniyatiga egamila?
— Mobil aloqa bilan qamrab olishda hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar ehtiyojiga, shuningdek ushbu hududda tayanch stansiyalarni qurish va ishlati infratuzilmaning mavjudligiga ahamiyat qaratiladi. Xususan ayni damda Farg`ona, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining etib borish qiyin bo`lgan tog`li hududlar mobil aloqa bilan qamrab olingan.
- Shunday holatlar ham bo`ladiki, ba`zida boshqa viloyatdan turib qo`ng`iroqni amalga oshirayotgan abonent bilan aloqa yo`qolib qoladi yoki uning ovozini eshitish qiyin kechadi. Bu nima bilan bog`liq?
- Aloqa sifatiga juda ko`p omillar ta`sir qiladi: tarmoqning yuqori yuklama va tayanch stansiyaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi, ob-havo sharoiti, abonentning mobil aloqa bilan qamrab olingan hududga nisbatan joylashuvi va hokazo...





