2013-2014 yillarda 3,5 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi terrorchilik guruhlarini qo`llab-quvvatlashga mablag` yo`naltirgan. Bu haqda Rossiya axborot monitoringi ma`lumotlariga tayanib, “Lenta.ru” xabar bermoqda.
Moddiy yordam mamalakatning 80 ga yaqin hududidan qabul qilingan. O`tgan ikki yil mobaynida terrorchilarni ta`minlash uchun 40 million rubl miqdorida, 2015 yilning yanvaridan sentyabriga qadar Rossiyada ta`qiqlangan “Islom davlati” terrorchilik guruhini ta`minlash uchun 300 million rubl ajratilganligi aniqlandi.
Terrorchilik guruhlarini moliyalashtirishning asosiy vositasi kraudfanding ya`ni internet orqali ko`ngillilardan pul yig`ish hisoblanadi. Bunda pul internet-do`konlar vositasida ham yig`ilgan bo`lishi mumkin.
Mamlakat ichkarisida esa pul mablag`larining manbai jinoyatchilar tomonidan turli jinoyatlar: mayda o`g`irliklar, odam o`g`irlash va bezoriliklarni sodir etish hisoblanadi.
Shuningdek, terrorchilar kredit va ko`chmas mulkni sotish orqali ham o`zlarini moliyalashtirgan. Pul mablag`larining asosiy qismi nizoli va tranzit hududlarda naqdlashtirilgan.





