Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumani To`qboy qishlog`ida noqonuniy qurilgan imoratlarni buzish jarayonida sodir bo`lgan ko`ngilsiz voqea tafsilotlari keng muhokamaga sabab bo`ldi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati bu janjalli tortishuvning sababi haqida ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, Qamashi tumani To`qboy mahalla fuqarolar yig`inidagi To`qboy qishlog`ida yashovchi fuqaro Poyonova Madina O`ngboy qizi Qamashi tumani hokimligiga tadbirkorlik qilish maqsadida murojaat qilgan.
Qamashi tumani hokimining 2019 yil 12 iyuldagi X-4448/07-sonli qaroriga asosan unga To`qboy qishlog`idagi 13-umumta`lim maktabi yonidan o`tgan yo`l yoqasidan “Engil tipdagi kitob do`koni” qurish uchun 60 kv.metr er maydoni ajratilgan.
Lekin fuqarolar Poyonova Madina va akasi Poyonov Arslon O`ngboy o`g`li hamda Sh.To`raevlar o`zboshimchalik bilan tuman hokimi qarori bilan ajratilgan 60.0 kv.metr er maydonidan tashqari 120 kv.metrdan ortiq er maydonini noqonuniy o`zlashtirishib, ushbu maydonga ham beton poydevor quygan.
Noqonuniy qo`yilgan bu poydevor maktabning oldi tomonini butunlay to`sib qo`ygan hamda ta`lim dargohi bo`lgan maktabning tashqi ko`rinishiga salbiy ta`sir ko`rsatgan. Shuning uchun ham tuman hokimligi qurilish bo`limi xodimlari tomonidan ushbu qonunbuzarlik o`z vaqtida aniqlanib, fuqarolar Poyonova Madina va akasi Poyonov Arslon O`ngboy o`g`li hamda Sh.To`raevlar 3 (uch) marta yozma va bir necha bor og`zaki ogohlantirilgan. Lekin ular qonunga amal qilmasdan o`zlarining noqonuniy faoliyatini davom ettirgan.
Ana shu jarayonlardan kelib chiqqan holda joriy yilning 19 fevral kuni tuman hokimligi qurilish bo`limi va tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqaro Poyonova Madina va akasi Poyonov Arslon O`ngboy o`g`li hamda Sh.To`raevlar noqonuniy poydevor tashlangan joyning o`zida avval batafsil tushuntirishlar orqali ogohlantirildi.So`ngra o`zboshimchalik bilan qurilgan poydevor buzib olindi.Tuman hokimi qarori bilan fuqaro Poyonova Madinaga “Engil tipdagi kitob do`koni” qurish uchun berilgan 60 kv.metr er maydoni o`z joyida qoldi.
Buzish jarayonida 1990 yilda 12 mayda tug`ilgan Poyonov Arslon O`ngboy o`g`li tuman hokimligi va tuman IIB xodimlariga qarshilik ko`rsatib, poydevorni buzayotgan traktor oldini to`sib, singlisi Poyonova Madinaning qo`lidagi 5 litrlik kondensat yoqilg`isini tuman IIB xodimi B.Avlaevga sepib, voqea joyidan qochib ketgan.
Ayni kunlarda Poyonov Arslon O`ngboy o`g`li va fuqarolar Poyonova Madina hamda Sh.To`raevlarga nisbatan bu huquqbuzarlik holati bo`yicha tuman ichki ishlar bo`limining hudud profilaktika noziri tomonidan har taraflama chuqur o`rganish ishlari olib borilgan va ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atish haqida qaror qabul qilinib, tuman ma`muriy sudiga taqdim etilgan.
Qamashi tumani prokuraturasi ham aholi va maktab ma`muriyatining haqli e`tirozini inobatga olib, tuman hokimi qaroriga amal qilinmasdan qo`shimcha tarzda tashlangan mazkur bino poydevorining noqonuniyligini o`rganib, qonun buzilish holatini aniqlagan va fuqarolar Poyonova Madina O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi sababli tegishli tartibda ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi ish quzg`atish haqida qaror qabul qilib, tuman ma`muriy sudiga taqdim etgan.Mazkur qonunbuzarlik holati 16 martda sudda ko`rib chiqilishi belgilangan.






