O`zbekistonning Parij shahridagi elchixonasi bergan ma`lumotga ko`ra COVID-19 yangi tipdagi koronavirusi bilan kasallanganlar sonining tez sur`atlarda o`sib borayotgani munosabati bilan Fransiya rasmiy idoralari yangi ko`rsatma qabul qilinguniga qadar 2020-yilning 16-martidan barcha ta`lim muassasalarini (bog`chalar, maktablar va universitetlar) yopmoqda, boshqa choralar ham ko`rilmoqda.
Mamlakatimiz Elchixonasi Fransiyada bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga quyidagi tavsilar bilan murojaat qildi:
- ehtiyot choralarini ko`rish;
- o`tkir respirator kasalikka chalingan insonlar bilan aloqada bo`lishni cheklash;
- ko`p odam yig`iladigan joylarga borishdan cheklanish;
- diqqatni va ogohlikni oshirgan holda, fransuz hukumati tavsiyalariga amal qilish;
- tarkibida spirt moddasi bo`lgan suyuqlik vositalari yoki sovun bilan qo`llarni muntazam ravishda yuvib turish;
- jamoat joylarida boshqalardan kamida 1 metrlik masofada turish, ayniqsa ularda yo`talish, burun oqish va yuqori tana harorati alomatlari aniqlanganda;
- imkon qadar og`iz, burun va ko`zni ushlamaslik;
- nafas olish gigienasiga amal qilish. Yuqori tana harorati, yo`tal va nafas olishning qiyinlashishi holatlarida 15 (SAMU 15) raqamiga ko`ng`iroq qilib, tezkor tibbiy yordamni chaqirish tavsiya etiladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib TIV Fransiya, Monako va Andorra hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatimizning Parij shahridagi Elchixonasi huzuridagi Ishchi guruh a`zolariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tadi:
Furqat Kadirov, Siyosiy masalalar bo`yicha maslahatchi, +33187866491
Hamidjon Hoshimov, Konsul, birinchi kotib, +33153300355
Shavkat Toshev, Uchinchi kotib, +33153300354
Sardor Salimov, Attashe, +33187866490
Otabek Ungbaev, “Uzbekistan Airways” AJning Parij shahridagi vakili, +33145224550
Eslatib o`tamiz, bugun soat 06.00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiya Respublikasida bo`lib qaytgan 1 nafar O`zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi.






