Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan 2019 yilning 31 dekabr kuni Xitoyning Uxan shahrida noma`lum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelganligi ma`lum qilindi. Xitoylik mutaxassislar kasallik qo`zg`atuvchisi COVID-19 koronavirusi ekanini aniqlashdi. 2020 yilning 10 mart holatiga ko`ra, kasallik jahonning 115 ta mamlakatida qayd etilib, dunyo aholisidan 115825 kishi kasallik yuqtirgani, 4087 kishi esa koronavirusdan vafot etganligi qayd etildi.
Yuqoridagi holat respublikamizda koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlil qilish asosida ularni davolash texnologiyalarini yaratish hamda koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikumlar yaratishga ehtiyojni yuzaga keltirmoqda.
Hozirda jahon bo`ylab tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining (COVID-19) O`zbekistonga kirib kelmasligini ta`minlash avvalo mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yanada yuqori darajaga ko`tarishni taqozo etadi.
Shu bois Innovasion rivojlanish vazirligi Hukumatning “Ilmiy-tadqiqot va innovasion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”
2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq tanlov o`tkazishga qaror qildi.
Ilmiy loyihalarga davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladigan amaliy loyihalar mavzulari:
“Koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlili asosida ularga qarshi kurash va davolash texnologiyasini yaratish” bo`yicha bajarilishi ikki yilga mo`ljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 2,0 mlrd so`m);
“COVID-19 koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikum yaratish” bo`yicha bajarilishi bir yilga mo`ljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 1,5 mlrd so`m).
Taqdim etilgan loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali elektron ro`yxatdan o`tkazilishi shart. Elektron ro`yxatdan o`tmagan, tanlov mavzusidan tashqari mavzularda tayyorlangan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Qog`oz shaklda taqdim etilgan loyihalar ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan bo`yicha direktor o`rinbosarlari, oliy ta`lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovasiyalar bo`yicha prorektorlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari imzolagan yo`llanma xati asosida qabul qilinadi.
Loyiha matni A4 formatdagi standart qog`oz varag`ining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oralig`ida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; o`ngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda bo`lishi lozim.
Matnni kompyuter vositasida bosib chiqarishda «Times New Roman» 12 o`lchamli shriftda «Misrosoft Word» matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
Betlar titul varag`idan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki o`ng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varag`iga 1 raqami qo`yilmaydi.
Loyiha har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.
Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar ro`yxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy to`plamlar va boshqa nashr ishlari) 3.4-shaklga qat`iy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
Elektron ro`yxatdan o`tkazilgan loyihalar 2020 yilning 15 apreliga qadar shanba va yakshanba kunlaridan tashqari har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha vazirlik binosida qabul qilinadi.
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat`iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko`chirmachilikka (plagiat) yo`l qo`yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi bo`yicha dastlabki texnik ekspertizadan o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi
PQ-3855-son qaroriga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovasion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan so`ng to`liq tijoratlashtirilishi shart.
Taqdim etiladigan loyihalarga tegishli vazirliklardan loyiha mavzusi, uning bajarilishi va undan kutilayotgan natijalar O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining tarmoq va sohalarini rivojlantirish uchun zarurligi ta`kidlangan hamda tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlari tomonidan tavsiya etilganligi haqidagi qaroridan ko`chirma ilova qilinishi lozim.
Tanlov o`tkazilishining ob`ektivligi, adolatliligi va shaffofligini ta`minlash maqsadida loyihalarni qabul qilish, ekspertizasini amalga oshirish, maxsus belgilangan xonalarda videokuzatuv vositalari (kameralar) orqali yozib olinadi.
Taqdim etilgan loyihalardagi ma`lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g`oliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to`la va o`z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas`ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
Belgilangan muddatda fan yo`nalishlari bo`yicha elektron va qog`oz shakllarda taqdim etilmagan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Tanlovga bitta loyiha kelib tushgan taqdirda qayta e`longa beriladi va natijasi bo`yicha agar loyiha kelib tushmasa, dastlabki kelib tushgan loyiha bilan muzokara o`tkazilib, salohiyatiga ko`ra ITKga chiqariladi.
Dastlabki texnik ekspertizadan o`tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari to`g`risidagi ma`lumot www.mininnovation.uz veb-saytida “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv” xizmati orqali ochiq ma`lumotlar taqdim etib boriladi.
www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron ro`yxatdan o`tkazish bilan bog`liq texnik masalalar bo`yicha Innovasion rivojlanish vazirligining qo`llab-quvvatlash xizmati: (71) 203-32-23 (620, 621) – Axborot texnologiyalarini joriy etish bo`limi.






