Bugungi kunda dunyo aholisini tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan biri – bu qator mamlakatlarni zabt etayotgan infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi qanday choralar ko`rilayotgani masalasidir.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, jumladan, bizning mamlakatimizda ham infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qator choralar ko`rmoqda.
“O`zstandart” agentligi huzuridagi Standartlar institutida Sog`liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro tajribalarga asoslangan holda sifatli tibbiy niqoblar ishlab chiqarish bo`yicha davlat standarti ishlab chiqish masalasi ko`rib chiqildi.
Unga ko`ra, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan tibbiyot niqoblariga qo`yilayotgan talablar etarli emasligi, ushbu talablar bo`yicha niqoblar ishlab chiqarilishi maqsadga muvofiqmasligi to`g`risida hamda kelajakda ushbu me`yoriy hujjat barcha tibbiyot niqoblarini ishlab chiqaruvchilar uchun yagona talabni shakllantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat bo`lishi haqida aytib o`tildi.
Yurtimizdagi tibbiy niqob ishlab chiqarish faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar, texnologlar va ekspertlarni jalb etgan holda tez fursatlarda Evropa me`yorlariga javob beradigan standart asosida O`zbekiston Respublikasi Davlat standartini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Ushbu tibbiyot niqobining o`lchamlari, shakli, filtri, mikrobiologik tozalik darajasi hamda xafvsizligi qo`yiladigan talablarga javob beradi.
Ta`kidlash joizki, joriy yilning 1 aprel sanasigacha ushbu loyihani samarali amalga oshirish ko`zda tutilgan.






