AsosiyDunyo

O`zbekiston fuqarosi koronavirusga chalingani ma`lum bo`ldi

'O`zbekiston fuqarosi koronavirusga chalingani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan shaxslarning 60 nafari chet el fuqarolari bo`lib, ulardan kamida bir nafari o`zbekistonlikdir. Bu haqda Koreyaning Newsis portali xabar bermoqda, deya yozdi "Daryo". O`zbekiston fuqarosida kasallik qachon aniqlangani, uning joriy ahvoli va qaerda ekani haqida aniq ma`lumot yo`q. O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu holat bo`yicha axborot bermagan.

Ushbu xabar Janubiy Koreyadagi o`zbekistonliklarning internetdagi guruhlarida muhokamalarga sabab bo`lgan. «Bemor haqida batafsil ma`lumot olsak, keyinroq yoritishga harakat qilamiz», deyiladi Koreyadagi o`zbek talabalarining umumiy Telegram-kanalida.

Janubiy Koreyadagi koronavirusga qarshi kurash bo`yicha tuzilgan markaziy shtab ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatdagi koronavirusga chalingan chet el fuqarolarining 38 nafari xitoylik, etti nafari esa AQSh fuqarosi.

Bundan tashqari, Mo`g`uliston, Vetnam, Argentina, Avstraliya, Tailandning ikki nafardan, Indoneziya, Yaponiya, Polshaning bir nafardan fuqarolari ham Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan.

Avvalroq Rossiyaning Tyumen shahriga kasallangan xitoylik talaba qiz bilan bir samolyotda kelgan uch o`zbekistonlik koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgani, biroq ularda virus topilmagani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga doir: Rossiyada kasalxonaga yotqizilgan uch nafar o`zbekistonlikda koronavirus aniqlanmadi

Shunday qilib, Janubiy Koreyada O`zbekiston fuqarosining koronavirus yuqtirib olgani haqidagi ma`lumot — bu O`zbekiston fuqarolari orasida ushbu kasallikka chalinish bilan bog`liq ilk tasdiqlangan holatdir.

Ma`lumot uchun, O`zbekistonda shu kungacha koronavirus bilan kasallangan bemorlar qayd etilgani yo`q.

Avvalroq O`zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi mamlakatda bo`lib turgan o`zbekistonliklarni Vatanga qaytish to`g`risidagi qarorlarini jiddiy o`ylab ko`rishni tavsiya qilib, Janubiy Koreya hukumati ilg`or tibbiyot texnologiyalardan foydalangan holda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko`rayotganini, kasallik aniqlangan taqdirda chet el fuqarolariga ham davolash bilan bog`liq bepul malakali tibbiy xizmat ko`rsatilishi kafolatlanganini ma`lum qilgan edi.

 

    Boshqa yangiliklar