AsosiyJamiyat

Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universitetining MDHda birinchi filiali tashkil etiladi

'Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universitetining MDHda birinchi filiali tashkil etiladi'ning rasmi

Kecha, 13 mart kuni Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari U.Begimqulov rahbarligida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori G. Rixsieva, O`zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli A. Babaev va boshqalardan iborat delegasiya Sankt-Peterburg davlat universitetiga tashrif buyurdi.  

Tashrifdan ko`zlagan asosiy maqsad ikki davlat oliy ta`lim muassasalari o`rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo`lib, xususan, O`zbekistonda Sankt-Peterburg davlat universitetining filialini tashkil etish bo`yicha muzokaralar olib borildi.  

Muzokaralar natijasida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziriligi va Sankt-Peterburg davlat universiteti o`rtasida Toshkentda Rossiyaning nufuzli universiteti filiali faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha anglashuv memorandumi imzolandi.  

– Bugun O`zbekistonda jahonning yana bir nufuzli universitetlaridan birining filialini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishdik, – dedi vazir o`rinbosari U.Begimqulov. – Yangi filial biotibbiyot va sharqshunoslikka ixtisoslashadi. Biotibbiyot – biz uchun yangi ta`lim yo`nalishidir. Filialda kimyo, biologiya, fizika va boshqa fanlar bo`yicha ilg`or fanlararo tadqiqotlar olib boriladi hamda bu jarayonga O`zbekistonning etakchi tibbiyot va farmasevtika kompaniyalari faol jalb qilinadi.

O`z navbatida, Sankt-Peterburg davlat universiteti rektori Nikolay Kropachev ham O`zbekistonda ta`lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirishdan juda manfaatdor ekanligini alohida ta`kidladi.  

Tashrif davomida shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburg davlat universiteti o`rtasida o`zaro hamkorlikni rivojlantirishni ko`zda tutgan anglashuv memorandumi ham imzolandi.  

Ma`lumot uchun, Sankt-Peterburg davlat universiteti Rossiyada tashkil etilgan birinchi  (1724 yil) universitet hisoblanadi. Universitet 9 nafar Nobel mukofoti laureati, 6 nafar mamlakat Bosh vaziri va Rossiya Federasiyasining 2 nafar prezidentini tayyorlagan oliy o`quv yurti sanaladi.

    Boshqa yangiliklar