Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga qo`shimcha kiritiladi. “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi e`lon qilindi.
O`zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi quyidagi mazmundagi 1892-modda bilan to`ldiriladi:
“189-2-modda. Yolg`on ma`lumotlar tarqatish
Ommaviy axborot vositalarida, axborot va telekommunikasiya tarmoqlarida shuningdek, Internet jahon axborot tarmog`idan foydalanib fuqarolarning hayoti va (yoki) sog`lig`iga, mulkka xavf tug`diruvchi, jamoat tartibini ommaviy buzishga va (yoki) jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, davlat organlarining, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat`i nazar korxona, muassasa va tashkilotlarning normal faoliyat yuritishiga xalaqit beruvchi ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarni bila turib tarqatish - ma`muriy huquqbuzarlik predmeti hisoblangan vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi”.






