11 va 12 mart kunlari Toshkent shahar IIBB xodimlari Yunusobod tumanida noqonuniy tarzda psixotrop vositalari savdosi bilan shug`ullangan dorixona ishchilarini aniqlashdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.
Yunusobod tumani Bog`ishamol ko`chasida joylashgan “FARM KARDIO PLUS” mas`uliyati cheklangan jamiyatga tegishli dorixonada, surxandaryolik 48 yoshli Shokirjon K. ismli dorixona mudiri tegishli ruxsatsiz kuchli ta`sirga ega psixotrop dori vositalarini sotgan.
Tekshiruv davomida dorixonadan 73 ta “Regapen” va 139 ta “Tropikamid” dorilarining tegishli huddatlari bo`lmaganligi bois, ular ashyoviy dalillar sifatida musodara qilindi.
Shu tumanning Obod ko`chasida joylashgan “QUDRATILLA BARAKA SAVDO” MChJga tegishli yana bir dorixonada 38 yoshli Dilfuza Z. va Toshkent viloyatilik 23 yoshli Dilfuza A.lar kuchli ta`sirga ega va psixotrop vositalarni tegishli ruxsatsiz sotishgan.
Dorixona tekshiruvi davomida ashyoviy dalillar sifatida 494 ta “Karbamezapin”, 9 ta “Selofen”, 207 ta “Regapen” va 120 ta “Tropikamid” topilib, olib qo`yildi.
Hozirgi vaqtda topilgan ashyoviy dalillarning manbaini aniqlash bo`yicha ishlar olib borilmoqda.






