10 mart kuni Davlat test markazida korrupsion holatlarning oldini olish mavzusiga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda OTMlarga qabul jarayonlarida kutilayotgan o`zgarishlar haqida ma`lumot berildi.
Abiturientlar onlayn tarzda hujjat topshira oladi.
DTM direktori Majid Karimov:
– Shaffoflik va oshkoralikni ta`minlash maqsadida 2020-2021 yilgi qabulda juda katta ishlar reja qilingan.
Jumladan, o`tgan yilgi qabulda hujjat topshirishda navbatlar ko`payib ketgani yuzasidan ota-onalar va jamoatchilikning shikoyatlari inobatga olindi. Shuning uchun joriy yildan Davlat test markazi sayti orqali OTMlarga onlayn ro`yxatdan o`tish tizimini yaratyapmiz.
Abiturientlar uyida turib ham hujjat topshirish mumkin bo`ladi.
Uchtadan ko`proq OTMga hujjat topshirish imkoni berilishi mumkin
DTM Bosh boshqarma boshlig`i Barno Rajabov:
– 2020-2021 o`quv yilida ham abiturientlarda 3ta OTMdan birini tanlash imkoni saqlanib qoladi.
Bu bo`yicha takliflar ham ishlab chiqilmoqda. Agar ular inobatga olinadigan bo`lsa, tanlanadigan OTMlar soni 3tadan ham ko`proq bo`lishi mumkin.
11-sinf yakunidagi attestasiya va OTMga qabul imtihonlari birlashtirilishi kutilyapti
Barno Rajabov:
– 2021-2022 o`quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich tarzda umumta`lim maktablaridagi yakuniy davlat attestasiyasi va OTMga qabul imtihonlarini bitta qilib o`tkazish rejalashtirilmoqda.
Kelgusida o`quvchilar maktab attestasiyasini topshiradi va unda olgan ballari bilan OTMlarning kirish imtihonlarida qatnashishadi. Bu bilan o`quvchilarga engillik va qulaylik yaratiladi.
Maktablardagi yakuniy davlat attestasiyalari ham hozirgi kirish imtihonlari kabi katta sig`imli binolarda, DTM va boshqa mas`ul vazirliklar nazoratida o`tkaziladi.
«2019 yili DTM faoliyatidan norozilar ming nafarga kamaydi»
DTM direktorining aytishicha, o`tgan yil tahlillariga ko`ra, apellyasiyalar va DTM faoliyatidan norozilik bildirilgan murojaatlar soni kamaygan.
«Agar 2018 yilda 4 mingga yaqin murojaat qabul qilingan bo`lsa, 2019 yilda ular mingtaga kamaydi», – dedi DTM direktori Majid Karimov.
Bosh boshqarmasi boshlig`i Barno Rajabovning so`zlariga ko`ra, 2019 yilda apellyasiya shikoyati kiritgan abiturientlarning taxminan 20-30 nafari talabalar safiga qabul qilingan.
«Qolgan abiturientlar orasida ham asosli murojaat qilganlari bo`lgan. Biroq ular to`plagan ball etarli bo`lmagani tufayli talabalikka qabul qilinishmagan», – deydi Barno Rajabov.






