AsosiyDunyo

Qozog`istonda 11—16 mart kunlari oralig`ida koronavirus paydo bo`lishi mumkin

'Qozog`istonda 11—16 mart kunlari oralig`ida koronavirus paydo bo`lishi mumkin'ning rasmi

Qozog`istonning bosh sanitar shifokori Jandarbek Bekshinning ma`lum qilishicha, mamlakatda koronavirus yuqtirib olish bilan bog`liq dastlabki holat 11—16 mart kunlari oralig`ida qayd etilishi mumkin. Bu haqda Tengrinews xabar berdi, deya yozdi “Daryo”

«Bizning prognozimizga ko`ra, 11—16 mart oralig`ida mamlakatda koronavirus paydo bo`lishi kerak. Ammo bu prognoz. Plyus-minus bir haftaga surilishi mumkin», — dedi Jandarbek Bekshin.

Uning so`zlariga ko`ra, Qozog`istonda koronavirus aniqlanishi bilan hukumat maxsus tadbirlarni joriy qiladi.

«Biz vaziyatni modellashtiryapmiz. Biz halqada turibmiz, Qozog`istonda koronavirus bo`ladi, ammo qachonligi noma`lum. Olimlarning aytishicha, bu 10 yoki 16 mart kunlari bo`lishi mumkin, ammo bu prognoz. Prognozlar shunday narsaki, ular amalga oshmasligi ham mumkin», — dedi mamlakatning bosh sanitar shifokori.

U hozirgi prognoz olimlarning matematik modellashtirishi ekanligini ta`kidladi. «Ular ishlamoqda, maxsus formulalar mavjud. Ular prognoz qilmoqda», — deya ta`kidladi Bekshin.

Qayd etilishicha, Qozog`iston Italiyani koronavirus bilan bog`liq vaziyat noqulay bo`lgan mamlakatlarning birinchi toifasiga kiritgan. Italiyadan kelgan italiyaliklar va chet elliklarning Qozog`istonga kirishi taqiqlandi.

Bundan tashqari, Qozog`iston Germaniya, Fransiya va Ispaniyadan keluvchilarning mamlakatga kirishiga cheklovlar o`rnatgan.

Avvalroq Qozog`iston prezidenti koronavirus sababli 8 mart konsertini bekor qilgan edi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O`zbekistonda koronavirusni yashirish imkonsizligini aytdi hamda shu kungacha laboratoriya tekshiruvlarida koronavirus aniqlanmaganini ma`lum qildi. Koronavirus sababli O`zbekistonda va jahonda bir qator tadbirlar bekor qilindi yoki qoldirildi.

Avvalroq O`zbekistonda koronavirus tarqalgan 14 davlatdan kelgan fuqarolarni karantinga olish haqida qaror qabul qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar