Ijtimoiy tarmoqlarda “O`quvchi ustozi o`zini shafqatsiz kaltaklaganini iddao qilmoqda” nomli maqola e`lon qilindi
Xalq ta`limi Vazirining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan mazkur xabardagi holat yuzasidan o`rganish tashkil qilindi, deya ma`lum qildi Vazirlik Matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 22-maktabning informatika fani o`qituvchisi O`tkir Xoliqov 2020 yil 11 fevral kuni 10-“A” sinfida dars o`tayotganida ushbu sinf o`quvchisi B.I. intizomga rioya etmagan hamda darsga halaqit bergan. O`qituvchining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay sinfdoshi G.X. bilan janjallashib, uni urgan.
O`qituvchi unga tanbeh berib, doskaga chaqirib, nima uchun qiz bolani urasan, deya B.I.ni ikki shapaloq urgan. O`quvchi B.I. yugurganicha sinf xonasidan chiqib ketishda eshikka boshini urib olgan va uyiga ketib qolgan. O`quvchining onasi tuman IIBga murojaat qilib o`g`lini shifoxonaga yotqizgan. Shu kuni IIB xodimlari holat yuzasidan o`qituvchi O`.Xoliqov va boshqalar bilan voqea yuzasidan surishtiruv o`tkazgan.
O`qituvchi o`quvchining ahvolidan xabar olish uchun shifoxonaga borib, o`quvchi bilan gaplashgan. O`quvchining salomatligi yaxshilanganidan so`ng 2020 yil 17 fevral kuni shifoxonadan uyiga ruxsat berilgan.
Shu kuni o`quvchi va o`qituvchining xatti-harakati yuzasidan muhokama yig`ilishi o`tkazilib, o`qituvchi bolaning ota-onasidan kechirim so`ragan. Davolanish uchun ketgan harajatlarni oylik maoshidan to`lashini bildirib, har ikkala tomon yarashtirilib, dalolatnoma tuzilgan.
2020 yilning 28 fevral kuni 22-umumiy o`rta ta`lim maktabida tuman hokimi M.Appakov, tuman IIB bo`limi boshlig`i G`.G`aniev, “Olmurut” MFY raisi K.Siddiqov, XTB mudiri Sh.Muradovlar ishtirokida 10-“A” sinf o`quvchilari va ota-onalari bilan yig`ilish o`tkazilib, o`quvchi va o`qituvchilar o`rtasida uzviy do`stona munosabat o`rnatish hamda ota-onalarni farzandlar tarbiyasiga e`tiborini kuchaytirish zarurligi yuzasidan tegishli ko`rsatmalarni berdi.
Vazirning Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ishtirokida o`tkazilgan o`rganish yakunlariga ko`ra informatika fani o`qituvchisi O`tkir Xoliqov tuman ma`muriy sudining qaroriga binoan jarimaga tortildi.
Maktab direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Z. Ismanjonovga nisbatan Mehnat kodeksi talablari bo`yicha oylik ish haqining 30 foiz miqdorida jarima intizomiy jazo belgilandi. Maktab direktori M.Siddiqova Namangan viloyati XTB boshlig`ining 2020 yil 27 fevral kunidagi 45-k sonli buyrug`i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.






