Bojxona to`lovlarini to`lamaslik maqsadida xorijiy mamlakatdan olib kelingan texnikalarning ishlab chiqarilgan yilini noto`g`ri ko`rsatish orqali noqonuniy imtiyoz olishga urinish bilan bog`liq navbatdagi qonunbuzarlik holatlari bojxonachilar tomonidan o`z vaqtida fosh etildi.
Jumladan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari, fuqaro X.A. tomonidan 485 million so`m imtiyoz asosida olib kirilayotgan “Howo” rusumli yuk transport vositasining yorliqlaridagi ma`lumot bilan transport vositasining holatini tegishli idoralar bilan hamkorlikda ekspertizadan o`tkazishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Natijada, mazkur avtotransport vositasi hujjatlarda ko`rsatilganidek 2017 yilda emas, balki 2014 yilda ishlab chiqarilganligi ma`lum bo`ldi. Yana bir tezkor tadbir davomida, fuqaro K.Sh ga tegishli Howo rusumli yuk avtotransport vositasi ham tegishli idoralar bilan hamkorlikda ekspertizadan o`tkazishdi.
Ma`lum bo`lishicha 480 million so`m imtiyoz asosida olib kirilayotgan mazkur transport vositasi ham 2017 yilda emas balki 2012 yilda ishlab chiqarilganligi ma`lum bo`ldi. Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






