Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakilligi Samarqand shahrida bo`lib o`tgan II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti natijalari bo`yicha press-relizini e`lon qildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori birinchi o`rinbosari Dilshod Saidjanov ma`lum qilmoqda.
Uning yozishicha, press-relizda ushbu xalqaro anjuman matbuot va so`z erkinligini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta`kidlangan.
EXHTning OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakili Arlem Dezir «II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti so`z va matbuot erkinligini ta`minlash masalasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni o`rnatish, xalqaro standartlarni muhokama qilish va ilg`or tajribalarni o`rtoqlashish uchun noyob imkoniyatdir», — deya ta`kidlagan.
Ushbu hujjatda shuningdek, O`zbekistonning axborot sohasidagi islohotlariga yuqori baho berilgan. Arlem Dezir O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni bekor qilish bo`yicha yangi qonunni qabul qilishi, shuningdek blogerlarga jurnalistlarga beriladigan huquqlar berilishini ma`qullagan hamda mintaqadagi barcha davlatlarni O`zbekistondan o`rnak olishga chorlagan.
O`ylaymanki, EXHTning OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakilining ushbu yuksak bahosi davlatimiz Rahbarining OAV va axborot sohasidagi, umuman, ochiqlik siyosati samarasidir.






