Janubiy Koreyada so`nggi bir sutka ichida COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog`liq 248 ta holat aniqlandi. Shunday qilib, mamlakatda kasallikka chalinganlar soni 7382 kishiga etdi, qurbonlar soni esa 51 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari tashkiloti (KCDC) ma`lum qildi, deya yozdi “Daryo”
Avvalroq qurbonlar soni 50 kishiga etgani haqida xabar berilgan edi. Janubiy Koreya hukumati epidemiologik xavf darajasini eng yuqori ko`rsatkichgacha oshirgan. Barcha maktab va maktabgacha ta`lim muassasalarida o`quv mashg`ulotlarining boshlanishi 23 martgacha bekor qilingan.
KCDC’ning 9 mart kuni soat 00:00 (Toshkent vaqti bilan 8 mart kuni soat 20:00 da)gi ma`lumotlariga ko`ra, yangi kasallanish holatlarining 190 tasi Tegu shahrida, 26 tasi Kyonsan-Pukto provinsiyasida, qolgan holatlar esa mamlakatning boshqa hududlarida aniqlangan. 36 bemor sog`ayib, uyiga javob berilgan (jami sog`ayganlar soni 166 kishiga etgan). Yana 17 458 kishining tahlillari hali o`rganilmoqda.
Koronavirusni yuqtirib olganlarning 130 nafari Seulda, 5571 nafari Teguda, 1107 nafari Kyonsan-Pukto provinsiyasida, yana 152 nafari esa Kyongidoda. Pusanda 96 ta holat qayd etilgan. Qayd etishlaricha, Janubiy Koreyadagi koronavirus bemorlarining kamida 4,5 ming nafari (62,8 foizi) Sinchonji sektasiga aloqador odamlardir.






