Neft bozoridagi yangi narx urushining istiqboli savdogarlarni (treyderlar) qo`rqitib yubordi. Bozor ochilgandan keyin bir necha soniya ichida narxlar 30 foizga tushdi, bu esa deyarli 30 yil ichidagi eng kuchli pasayishni ko`rsatdi. Koronavirus tufayli talabning pasayishini hisobga olgan holda, mutaxassislar narxlarning ko`tarilish istiqbollarini ko`rishmayapti. Bu haqda tarjimon sayti xabar bermoqda.
Brent markasidagi neft fyucherslari narxi 9 mart kuni savdo ochilgandan so`ng, darhol 30 foizga – ya`ni, bir barrel uchun 45 dollardan 31,02 dollargacha tushdi. Bu 1991 yilda Fors ko`rfazidagi urushdan keyingi bir kun ichida Brent narxlarining eng katta pasayishi, deb yozadi Bloomberg. WTI neftining narxi bozor ochilgandan keyin 27 foizga tushib, ya`ni, 30 dollarga tushdi. Keskin pasayishi sababli birjadagi savdo bir necha daqiqaga to`xtatildi.
Ushbu material e`lon etilayotgan paytda Brent ning bir barreli 34,2 dollarga sotildi – bu juma kuni bo`lib o`tgan savdo yopilishidan 24,5 foizga arzon degani. WTI 25,4% yo`qotdi va 30,81 dollarga tushdi.
O`tgan juma kuni OPEK va Rossiya neft qazib olishni kamaytirish yuzasidan yangi kelishuvga kelolmagach, 2016 yildan beri narxlarni qo`llab-quvvatlab kelayotgan bitimni buzishdi. Muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan bir necha soat o`tgach, OPEKning de-fakto etakchsi hisoblangan Saudiya Arabistoni narxlar urushini boshlab yuborib, Evropa, Osiyo va AQShdagi importchilar uchun 20 yil davomida eng yuqori narxni pasaytirdi.
Bir vaqtni o`zida, Ar- Riyod bozorning ba`zi ishtirokchilariga, agar kerak bo`lsa, neft qazib olishni rekord darajadagi, ya`ni kuniga 12 million barrelga ko`tarishi mumkinligini ma`lum qildi, deya xabar beradi Bloomberg manbalari.
Mart oyidan Saudiya Arabistoni kuniga 9,7 million barrel qazib chiqaradi.
Ushbu taktika Saudiya Arabistonining 2014 yilda AQShdagi slanesli neft ishlab chiqaruvchilardan bozor ulushini qaytarib olishga urinishini eslatadi, deb yozadiFinancial Times. O`shanda narxlar urushi tufayli Brent narxi 100 dollardan 30 dollarga tushib ketgan edi hamda OPEK va Rossiyani ittifoq tuzishga majbur qilgandi. Yangi narxlar urushi istiqbollari bozorni qo`rqitib yubordi, deb yozadi Bloomberg.
Koronavirusning iqtisodiy ta`siri tufayli neftga bo`lgan talab pasayib borayotganini hisobga olib, savdogarlar (treyderlar)narxlar yanada pasayishini taxmin qilishmoqda. Masalan, Goldman Sachs tahlilchilari kelgusi haftalarda Brent markasining narxi bir barrel uchun 20 dollarga tushishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
«Talabning pasayishi kamdan-kam hollarda taklifning o`sishi bilan mos keladi. 30-yillarning boshidan beri bunday noxush kombinasiyalar bo`lmagan. Narxlarning pasayishi endigina boshlandi», dedi Bob MakNalli, Rapidan Energy Group konsalting kompaniyasi prezidenti (FT bo`yicha iqtibos).
Saudiya Arabistoni narxlarni pasaytirish va ishlab chiqarishni ko`paytirish to`g`risidagi qaroridan, ba`zi bozor ishtirokchilari Rossiyani muzokaralar stoliga qaytishga majburlashga urinishni ko`rishmoqda, deb yozadi FT. Ammo bitimni jonlantirishning oson yo`li bo`lmaydi, deya ogohlantiradi nashr. Bu «jamoa bo`lib o`z joniga qasd qilish»dir, bu erda hamma mag`lub bo`ladi, deya ogohlantiradi FGE konsalting guruhi tahlilchilari.






